Tishlar uchun eng zararli shirinliklar
Biz hammamiz bolalikdan shirinliklar tishimizga zarar yetkazishini eshitganmiz. Bu, eng avvalo, konfetga taalluqlidir. Chunki u bolalarning sevimli shirinligi sanaladi. Kattalar ham konfet bilan choy ichishni yoqtirishadi. Bugun rossiyalik ortodontist Darya Kostinaning tishlar uchun eng zararli konfetlar haqidagi ma’lumotlarini keltirib o‘tamiz.
Shuni tushunish kerakki, deyarli har qanday shirinlik tishlarda kariyes va milk kasalliklarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Gap shundaki, tish karashida yashaydigan bakteriyalar shirinliklarni juda yaxshi ko‘radi. Ular qand bilan oziqlanib, sut kislotasi ajratadi: u esa milk va tish emalini ishdan chiqaradi.
Karamel va xo‘rozqandlar eng xavfli shirinlik hisoblanadi. Ularda qand bisyor. Odatda yonoqqa qo‘yiladi va uzoq vaqt shimiladi. Natijada qand uzoq vaqt tishlar bilan aloqada bo‘ladi.
Iris va boshqa saqichli konfetlar tishlarga yopishib qoladi. Bu esa tish emaliga ta’sir qilish vaqtini oshiradi.
Ksilitli (shakar o‘rnini bosuvchi) konfetlar zararini ham unutmaslik kerak. Ularni suiiste’mol qilmagan ma’qul. Chunki ksilit har doim ham oshqozon-ichak yo‘liga ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Qora shokoladli konfetlar afzalroq. Chunki ular tarkibida karamelli konfet va xo‘rozqandlarga qaraganda qand kamroq bo‘ladi. Bundan tashqari, olimlar kakao mahsulotlarida polifenollarning yuqori konsentratsiyasi borligini aniqlaganlar. Bu esa tishlar parchalanishining oldini olishga yordam beradi. Ular zararli bakteriyalar tishlarga yopishishining oldini oladi va tish karashi hosil bo‘lishini kamaytiradi. Shuningdek, tishlarga zarar yetkazadigan kislota hosil bo‘lishini kamaytiradi.
Unutmang, mustaqil davolanish mumkin emas! Sog‘liq bilan bog‘liq har qanday muammoda albatta shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter