Qizib ketgan noutbuk o‘chib qolyapti: nima qilish kerak?
Qizib ketish barcha noutbuklarda uchraydi, ayniqsa, eskilarida. Vaqt o‘tishi bilan noutbukning sovitish tizimi komponentlarning qizishiga qarshi turib bera olmay qoladi, natijada kompyuter o‘z-o‘zidan o‘chib qola boshlaydi.
Xo‘sh, nosozlik sabablari nimada, qanday chora ko‘riladi?
Noutbuk sovitish tizimida to‘plangan chang
Muammo. Noutbukning tez qizishiga birinchi sabab aynan uning ichida to‘planib qoladigan chang zarralaridir. Noutbuklarda sovitish tizimi shunday qurilganki, tashqaridagi havoni so‘rib olib, korpusning ichidagi radiator orqali o‘tkazadi. Va aksincha, qizigan havo tashqariga chiqariladi.
Xullas, oddiygina havo orqali sovitish tizimi. Biroq ana shu tashqaridan tortib olinadigan havoga qo‘shilib millionlab chang zarralari ham kirib, radiatorning «qovurg‘alari» orasiga to‘plana boshaydi. Vaqti o‘tishi bilan bu tirqishlar chang bilan to‘lib, havoni deyarli o‘tkazmay qolishi mumkin. Nima bo‘ladi: ichkaridagi ventilyator faqat ichkaridagi issiq havoni tashqariga chiqara boshlaydi.
Chora. Bu muammodan noutbukni changdan tozalab qutulish mumkin. Yaxshiroq tozalash uchun ko‘pincha noutbukni butunlay qismlarga ajratishga to‘g‘ri keladi. Agar tajribangiz yetarli bo‘lsa, o‘zingiz bajaring, ustaga olib borsangiz yanayam yaxshi.
Qurib qolgan termopasta
Muammo. Termopastadan protsessordagi issiqlikni radiatorga uzatishni yaxshilash uchun qo‘llaniladi. Vaqt o‘tishi bilan termopasta qurib qolib, issiqlikni yomon o‘tkaza boshlaydi.
Chora. Eski termopastani yangisiga almashtirish lozim. Buning uchun ham noutbuk to‘liq ochishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham bu ikki amal bir paytda bajariladi: noutbuk ochiladi, tozalanadi va termopastasi yangilanadi.
Sovitish tizimidagi nosozlik
Muammo. Noutbuk chan-g‘ubordan tozalandi, termopastasi yangilandi... biroq ishlamayapti. Nega? Demak, sovitish tizimida muammo bor. Masalan, ko‘p noutbuklarda issiqlikni uzatish uchun ichiga tez qaynab ketuvchi suyuqlik to‘ldirilgan issiqlik naychalari bo‘ladi. Agarda bu naychalar teshilib qolsa ichidagi suyuqlik bug‘lanib ketishi natijasida naychalar o‘z vazifasini bajara olmay qoladi. Nosoz issiqlik naychalarisiz ham noutbukning sovitish tizimi ishlmaydi.
Chora. Naychalarni tuzatish kerak. Bundan tashqari, muammo korpus ichida havoni haydovchi ventilyatorlarda ham bo‘lishi mumkin. Ularni moylash yoki almashtirishga to‘g‘ri keladi. Bunda ham kompyuterni ochish kerak.
Protsessor harorati 85°C dan yuqorilab ketishiga yo‘l qo‘ymang!
Noutbukni ochmasdan ko‘riladigan choralar
Noutbuk qizib ketib, o‘chishda davom etyapti. Noutbukni ochmasdan ham biron chora qo‘llashning iloji bormi? Quyidagi tavsiyalar ana shunday qiyin vaziyatda sizga qo‘l keladi deb o‘ylaymiz:
- Noutbukni doim tekis va qattiq yuzaga qo‘yib ishlating: masalan, stol ustiga. Korpusning ostida qancha ko‘p ochiq joy qolsa sovitish tizimi tashqaridagi shuncha ko‘p sovuq havoni tortib oladi.
- Noutbukka ortiqcha yuklanish tushishiga yo‘l qo‘ymang. Juda ko‘plab dasturlar va ilovalardan bir paytning o‘zida foydalanish, kamiga kompyuterga virus tushgan bo‘lsa, protsessorni 100 foiz maksimumda ishlashga majbur qiladi.
- Maxsus sovitish moslamasini sotib oling. Noutbuk ostiga qo‘yiluvchi bu moslamadagi bir nechta ventilyator sovuq havoni uzatib, kompyuterning o‘zidagi sovitish tizimiga ko‘maklashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter