Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Press-reliz nima va u qanday yoziladi?

Press-reliz nima va u qanday yoziladi?

Siz tashkilot (yoki kompaniya)ning matbuot kotibi etib tayinlandingiz. Rejada tashkilotning muhim tadbiri. Siz ommaga nima haqida gapirib berishni va bu sizga nima uchun kerakligini aniq bilasiz. Lekin matnni qanday shakllantirish «boshingizni qotiryapti». Ushbu maqola axborotning o‘ziga xos turlaridan biri press-reliz va uni shakllantirish haqida.

Press-reliz bu — matbuot uchun axborot xati bo‘lib, unda biror yangilik, voqea haqida e’lon, voqelikka nisbatan pozitsiya yoki pozitsiyaga munosabat aks etadi. Xorij mediaekspertlarining nazariy talqinlariga ko‘ra, har qanday press-reliz

  • yangilik
  • dolzarblik
  • informativlik

kabi uch asosga tayanadi.

Bugungi kunga kelib bosma nashrlarga bo‘lgan talab pasayib ketganligiga qaramay uning jamiyat ongiga ta’sirini inkor etib bo‘lmaydi. Press-reliz esa tashkilotlar uchun OAV orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyat bilan muloqotga chiqish «ko‘prigi»dir.

Press-reliz — bu yangilik demak. Shuning uchun u yuqorida sanab o‘tilgan uch asosiy mezonlar talabiga javob berishi kerak, ya’ni undagi ma’lumotlar yangi, dolzarb va informativ bo‘lishi talab etiladi.

Agar press-reliz maqsadli OAVda e’lon qilinishi kerak bo‘lsa, xabar yangi, dolzarb va informativlikdan tashqari ommaga qiziqarli ham bo‘lishi lozim. Qiziqarli matn yaratish uchun press-relizda hamma narsa haqida, xoziroq gapirish (o‘tlab ketish) mantiqsizlikdir. Bu o‘quvchini chalg‘itadi va oqibatda axborot o‘z nishoniga borib tegmaydi, ya’ni undan naf bo‘lmaydi.

Pres-reliz yozayotganda tashkilot rahbariyati yoki mahsus ekspertlar fikrini inobatga olish va axborotda aks ettirish samarali natija beradi. Shuningdek, press-reliz kutilmagan faktlar, statistik ma’lumotlar bilan boyitilishi ham omad sari bir qadam degani. Press-reliz yozayotganda u e’lon qilinishi rejalashtirilayotgan OAVning maqsadli auditoriyasi qiziqishlari inobatga olinib, so‘zlarning mantiqiy ketma-ketligi, gaplarning ma’nosi, hatto tinish belgilari o‘rinli qo‘llanilishi ham ahamiyatli. Qisqa qilib aytganda, press-reliz ma’nosi jihatidan informativ bo‘lishi (bittayam so‘z ortiqcha bo‘lmasin), dolzarb yangilikni o‘zida aks etishi va «gapni aylantirmasligi» kerak!

Xorij mediatadqiqotchilarining fikriga ko‘ra, press-reliz vazifalari quyidagilardan iborat:

  1. Ommaviy auditoriyaga tashkilot (yoki brend) haqida yangilik yetkazishi kerak. OAV orqali aytilgan yangiliklar keng auditoriyaning qiziqishini uyg‘otib, brendga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Bundan tashqari, press-relizda berilgan axborot jamoat fikrini samarali shakllantiradi va brend tashviqotiga xizmat qiladi.
  2. Media bilan mustahkam va samarali aloqalar o‘rnatadi. Jurnalistlar eng yangi xabarlar va voqealar «ovchisi» sifatida doimo izlanishda. Shuning uchun press-reliz tarqatish jurnalistlarga «munosib axborot topib berish» demak. Bu jarayon o‘zaro foydali hamkorlikni shakllantiradi.
  3. Tashkilot xizmatiga (yoki brend mahsulotiga) bo‘lgan munosabatni shakllantirish va imijini yaratish. Press-reliz sizning brendingiz haqida ommaga «gapirib beruvchi» vosita bo‘libgina qolmay, balki u brend haqidagi munosabatlarni shakllantiradi va brend imijining nazoratchisi bo‘lib xizmat qiladi. Press-reliz axborot xavfsizligini ta’minlab, noto‘g‘ri tushunchalar kelib chiqishining oldini oladi.
  4. Mijozlarni jalb qilish, savdo hajmini ko‘tarish. Kiyimlarning yangi kolleksiyasidan tortib, hatto ijtimoiy yoki davlat miqyosidagi xizmatlarning yangi turlari reklamasiz ommalashmaydi. Brendlar esa yangi mijozlar orttira olmaydi. Press-reliz bu masalani hal eta oladi.

Demak, press-relizlar ikki maqsadda: marketing uchun va ijtimoiy dolzarb masala yuzasidan shakllantiriladi.

Press-reliz strukturasi qanday shakllanadi va unda nimalar aks etishi kerak?

Quyida press-reliz matnining bosqichma-bosqich qismlarda yozilishini o‘rganamiz:

1. Sarlavha: unda brend yoki taklif etilayotgan xizmat turining to‘liq nomlanishi, u bilan bog‘liq tadbirning nomi ko‘rsatilishi shart.

Press-relizning sarlavhasi zerikarli bo‘lmasligi uchun unda tashkilot yoki brend nomi, tadbirning maqsadi izohlanishi, asosiy axborot haqida qisqa, lo‘nda va qiziqarli yozish kerak. Shuningdek, sarlavha rangi va shrifti bilan jilolanib, matndan ajralib turishi lozim. Bu detallarga ahamiyat berishingiz sizning press-relizingizni «Kimdir o‘qiydimi?» degan savolga «Ha, o‘qiydi!» degan javob bo‘ladi.   

Sarlavhani matndan oldin yoki matnni yozib bo‘lgach oxirida (ya’ni jarayonning qay paytida) tuzishning ahamiyati yo‘q. Asosiysi, u o‘quvchini qiziqtira olishi kerak.

2. Lid: bu qism matnning asosini tashkil etadi.

Lid sarlavhaning «ukasi». Agar sarlavhada «Kim nima qiladi?» (yoki «Nima sodir bo‘ladi?») savoliga javob bo‘lsa, LID «Kim, qayerda, qachon, qanday qilib va nima uchun nima qiladi?» degan savolga javob bo‘lib, sarlavhaga aniqlik kiritishi bilan ahamiyatlidir. Lid ko‘pi bilan 3ta gapdan iborat bo‘lgan, ixcham va ravon matn qismidir.

3. Asosiy qism (matn): lidning mantiqiy davomi bo‘lib, yangilikning mohiyatini ochib berishi lozim. Bu yerda tadqiqotlardan, faktlardan, sonlar, statistik ma’lumotlar, intervyular (ekspert suhbati, rahbariyat mulohazalari), dalillardan misollar va boshqa zarur axborot joy olishi lozim. Chunki bu qismda press-relizning «qaymog‘i» mujassam bo‘ladi.

Yodda tuting: eng muhim axborot matnning birinchi xatboshida (abzatsida) bo‘lishi kerak!

Asosiy yangilik matnning birinchi xatboshida (abzatsida) izohlanishiga sabab o‘quvchining diqqati abzatsdan abzatsga o‘tgan sari sustlashib boradi. Shuning uchun asosiy gapni «keyinga» surish maqsadga muvofiq emas.

Press-reliz matnining murakkabligi shundaki, unda voqelik aks etishi, lekin matn badiiylashib ketmasligi kerak. O‘quvchini faqat faktlar, dalillar, quruq sonlaru statistika bilan jalb qilish mushkul. Ixcham matn yaratish mahorati rasmiylik va badiiylik orasidagi «oltin o‘rtalik»ni topish hamda o‘quvchi e’tiborini jalb etishda.

Press-reliz yozish ijodkorlik iqtidoringizni sinaydigan mashg‘ulot emas. Press-reliz — OAV axboroti. Shuning uchun unda o‘ta «aqlli» so‘zlarni qo‘llashdan, «purma’no» va uzun gaplardan qoching.

Namunali press-relizning noyob detali bu — fikrlar. Ekspertlarning fikri, rahbariyatning mulohazalari matnni «jonlantiradi», unga ishonchililik bag‘ishlaydi. Umuman, press-relizning asosiy «yangiligi» sababchisi bo‘lgan mutaxassisning fikri omma e’tiborini mas’ul shaxsga jalb etadi.

4. Xulosa

Brend (xizmat turi) haqida ma’lumot: tashkilot (kompaniya) haqida qisqa va lo‘nda izoh. Bu yerda brend logotipi, shiori, tarixi va asosiy yutuqlarini qayd etish o‘rinli.

Press-reliz matni oxirida axborot bo‘limi mutaxassisining yoki matbuot kotibining aloqa raqamlari berilishi zarur. Bu jurnalistlarga qo‘shimcha ma’lumotlar olish uchun qulay. Shuningdek, matn so‘ngida kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, saytlari va lendinglari kabi internet resurslari havolalarini qayd etish o‘rinli.

Axborotning barcha turi, xususan, press-reliz teskari ehrom strukturasi asosida shakllantiriladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar (vizual axborot va havolalar): press-relizga asosiy xabar bilan bog‘liq multimedia axborotini bering. Bu fotosuratlar hisoboti, infografik ma’lumotlar, tadbir banneri, (matnda QR kod orqali jonlanadigan) videoroliklar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, brendga tegishli maxsus sayt, messenjerlar, katta hajmdagi materiallarni o‘z ichiga olgan Google Disk, Yandeks Disk, DropMeFilesDropboxWeTransfer kabi fayl almashish maydonlari havolasini qayd etish o‘rinli.

Press-reliz shabloni:

Shapkada kompaniya nomi, logotipi, joylashgan manzili, telefon raqamlari, press-relizni tarqatuvchi muassis (agar kompaniya PR agentlik xizmatini yollagan bo‘lsa) nomi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Mas’ul shaxslarning aloqa manzillarida mas’ulning ism-sharifi, telefon raqamlari, elektron pochta manzili, personal saytining (agar bo‘lsa) havolasi qayd etiladi.

Press-relizning axborot ma’lumotlarida tadbir o‘tkaziladigan vaqti, sanasi va manzili yoziladi.

Press-relizda nima mumkinu nima mumkin emas?

  • Birinchi oltin qoida: bitta press-reliz — bitta yangilik!
  • Press-reliz qiziqarli, lo‘nda va ravon tilda (qisqartmalarsiz) yozilishi, ko‘pi bilan ikki varaqdan iborat bo‘lishi kerak.
  • Shaxsiy (sub’yektiv) mulohazalardan ko‘ra faktlar va raqamlar afzal.
  • Matndagi voqelik dalillar bilan isbotlangan bo‘lishi kerak.
  • Press-relizda «biz», «bizning tashkilot» kabi olmoshlarga o‘rin yo‘q. Ularni tashkilotning to‘liq nomi bilan almashtiring.
  • «Buning natijasida», «shunday qilib», «keyinchalik», «shu sababli» kabi kanselyarit iboralarni qo‘llamang.
  • Matnni chop etishdan oldin imlo xatolari va tinish belgilarini tekshirishni unutmang.

Ixchamlik! Bu press-reliz shakliga qo‘yilgan birinchi talab.

Press-relizning qadri yangilik axboroti va multimediasida. Axborot matni savodli tuzilishi, multimediasida tasvir va matn (misol uchun, tadbirga tayyorlangan bannerlar) uyg‘unligi bilan ahamiyatli.

Press-reliz matnini yozib bo‘lganingizdan keyin unga biroz «dam bering», ish stolingizda bir oz «yotsin». Toza havoda bir aylanib kelgach (yoki tushlik qilib kelgach), matnni ovoz chiqarib o‘qing. Bu usul o‘qilishi qiyin so‘zlarni aniqlashda, haddan ziyod uzun gaplarni qayta shakllantirishda yordam beradi. Matnni tahrir qilib, qisqartirib, o‘zgartirib yoki qayta ishlab bo‘lgach, yana ovoz chiqarib o‘qing. Bu press-reliz matni ixcham, ravon va mazmunli chiqishiga kafolat beradi.

Muhayyo Saidova,
O‘zDJTU Media va kommunikatsiya
fakulteti katta o‘qituvchisi,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring