O‘tkir diareya nima uchun xavfli kasallik hisoblanadi?
U bolalarda qanday asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin? Muolaja jarayonida nimalarga e’tibor qaratish zarur? Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova bu boradagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
— Ichburug‘ — xavfli kasallik, — deydi mutaxassis. — Agar o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u ichaklarning buralib qolishi, parez, ya’ni falajlik, infeksion-toksik shok, neyrotoksikoz kabi og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Chunki kichkintoylar organizmi juda nozik. Ularda qusish, ich ketishi, yuqori harorat sababli organizmning suvsizlanish jarayoni juda tez sodir bo‘ladi.
Oqibatda kichik yoshli bemorlarda peshob ajralishi to‘xtab, buyrak yetishmovchiligi boshlanadi. Qolaversa, tanada suv miqdori kamayishi qon bosimining keskin tushib ketishiga olib keladi. Bu esa hayot uchun nihoyatda xatarlidir.
Shu sababli bolalarda o‘tkir diareya kuzatilsa, tezroq shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Kasallik davrida tanada yo‘qotilgan suv o‘rni o‘z vaqtida qoplansa, organizm yana normal holatiga qaytadi.
Albatta, muolajalarni vrach belgilaydi. Uy sharoitida davolanishda ham bemor oilaviy shifokor nazorati ostida bo‘lishi shart.
Chunki xastalikning erta bosqichida hech qanday tomchi dorilarsiz vaziyatni o‘nglash mumkin. Agar ham qusish, ham ich ketishi kuzatilsa, tomchi muolajalarini qo‘llashga to‘g‘ri keladi.
Biroq qay holatda glyukoza, qanday vaziyatda tuzli eritmalardan foydalanishni bolaning holati, kasallik darajasiga ko‘ra shifokor hal qiladi.
Mabodo qusish to‘xtamay, kuchli og‘riq kuzatilsa, uni bartaraf etish uchun dezintoksikatson va simpomatik muolajalar talab etiladi.
Ammo xastalikni davolashda o‘zboshimchalik bilan antibiotiklardan foydalanish vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Chunki bunday holatda o‘tkir diareyaga disbakterioz xastaligi ham qo‘shiladi.
Shunday ekan, yuqumli ichak kasalliklarida ota-onalar farzandlari salomatligiga nihoyatda e’tiborli bo‘lishlari kerak. Kamqon, immuniteti past, kasallikka moyil kichkintoylarga yoz mavsumida ichak floralarini yaxshilovchi preparatlarni profilaktik maqsadlarda qo‘llash tavsiya etiladi.
Eng muhimi esa sog‘lom turmush tarzi! Bolani tozalik va ozodalik, shaxsiy gigiyena qoidalari hamda to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatsak, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizni kasallikdan himoya qila olamiz!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter