«O‘lik» tish nega og‘riydi?
Nervi bilan olib tashlangan tish o‘lik deyiladi. Biroq ana shunday tishlar ham ba’zan og‘rishi mumkin. Buning sababi nima? Mazkur holatda qanday yo‘l tutish kerak?
«RAMBLER»ning yozishicha, nervsiz tish og‘rimaydi degan fikr mish-mishdan o‘zga narsa emas. Og‘riq istagan vaqtda qaytishi mumkin — bir necha kun yoki hatto bir necha yildan so‘ng. Bu yallig‘lanish tufayli kelib chiqadi va tish atrofidagi to‘qimalarga ta’sir ko‘rsatadi.
Keng tarqalgan sabablaridan biri — kanallarni sifatsiz davolash. Agar kanallar oxirigacha tozalanmay plombalangan bo‘lsa, ma’lum vaqtdan so‘ng og‘riq qaytishi mumkin. Ushbu holatda plombani qaytadan ochib, tozalashga to‘g‘ri keladi. Keyin esa doimiy plomba qo‘yishdan oldin ahvolni kuzatish zarur.
Ikkinchi sababi — ildiz tepasiga zararli bakteriyalarning tushishi. U yerda kista yoki granulema rivojlanishi mumkin. Ba’zan ular mustaqil o‘tib ketadi, biroq bunday vaziyatda odam og‘riqni sezmaydi. Agar og‘riq hissi kuchaysa, masalan, ovqatlanganda tish og‘risa, tish va milklar shishganday tuyulsa, tezda shifokorga ko‘rinish kerak.
Shuningdek, «o‘lik» tish milk yallig‘lanishi tufayli ham og‘rib qolishi mumkin. Bu parodontitdan qiynalayotgan odamlarda sodir bo‘ladi. Bakteriyalar milk xaltalari orqali tish va jag‘ to‘qimasiga kiradi. Tish toshi bo‘lsa, vaziyat chuqurlashadi.
Nima bo‘lganda ham, og‘riq yuzaga kelganda zudlik bilan shifokor qabuliga oshiqish darkor. Chunki yallig‘lanish juda tez rivojlanishi mumkin — oddiy pilladan (milk yiringlashi) flegmonagacha (biriktiruvchi to‘qimalarning yiringli yallig‘lanishi). Bunda yiring yuzdagi barcha to‘qimalarga quyiladi. Mazkur vaziyatda har qanday loqaydlik sepsis va o‘limga olib kelishi hech gap emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter