Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega bahorda allergiya kuchayadi?

Nega bahorda allergiya kuchayadi?

Bahor kelishi bilan ko‘pchilikni bir muammo — mavsumiy allergiya bezovta qila boshlaydi. Allergiya o‘zi nima? Nega bahor mavsumida allergiya kuchayadi? SSV matbuot xizmati ayni shu savollarga Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Ilmira RAZIKOVAdan javob oldi.

— Allergiya o‘zi nima?

— Allergiya — organizmga ta’sir qiladigan yoki tana bilan aloqada bo‘lgan, masalan, hayvonlarning juni, chang yoki ari zahri kabi moddalarga immun tizimining javobidir. Allergik reaksiyani keltirib chiqaradigan modda «allergen» deb ataladi. Aslida ular zararsiz moddalar hisoblanadi.

Ammo inson tanasi sezuvchanligining ortishi sabab, ya’ni immun tizimidagi buzilish oqibatida tana xavfsiz moddalarni xavfli deb qabul qiladi va himoya tizimini ishga tushiradi. Natijada esa burun oqishi, ko‘z yoshlanishi, qichishish, teri toshmalari paydo bo‘ladi.

—  Nega bahor mavsumida allergiya kuchayadi?

Bahorda sodir bo‘ladigan tabiat o‘zgarishlari, daraxtlar gullashi, o‘simliklardan ajraladigan chang zarralari organizmga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Ana shu vaqtda immun tizimi sustlashgan bo‘lsa, allergiyaga moyillik yuz berishi mumkin. Immunitetni mustahkamlash choralarini ko‘rish, allergiya xurujidan saqlanishning birinchi usulidir.

Mavsum allergiyasi asosan gulchanglari evaziga yuz beradi va tibbiyotda pollinoz deb ataladi. Allergiyani uch davrga bo‘lish mumkin. Boshlang‘ich davri – mart oyining boshidan may oyi o‘rtasigacha, ya’ni daraxtlar gullashi paytiga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi davri may oyidan iyulning oxiri, avgust boshigacha davom etadi. Bu vaqtda dala o‘tlarining gullashi yuz beradi. Uchinchi davri esa boshoqli o‘simliklar gullashi bilan bog‘liq bo‘lib, avgust oyidan noyabrgacha cho‘ziladi.

—  O‘ziga xos belgilari qaysilar?

Allergik inson allergen bilan to‘qnashganda, allergik reaksiya darhol yuzaga kelmaydi. Immun tizimi asta-sekin moddaga nisbatan sezgirlikni oshiradi. Vaqt o‘tib, tana o‘ziga xos yuqori sezgirlikka ega bo‘ladi, bu jarayon sensibilizatsiya deb ataladi. Bahor mavsumida allergiya ko‘pincha chang va gul changiga nisbatan qo‘zg‘aladi. Uning simptomlari quyidagilardir:

  • burun bitishi;
  • ko‘zlarning qichishi;
  • burundagi qichishish;
  • rinit;
  • ko‘zlarning shishishi;
  • ko‘zlarning yoshlanishi.

Teridagi allergiya alomatlari:

  • teri po‘st tashlashi;
  • qichishish;
  • teri quruqlashishi;
  • teri qizarishi;
  • terida qizg‘ish toshmalar paydo bo‘lishi.

Bahor mavsumida ushbu belgilarga duch kelsangiz, albatta, allergolog mutaxassisga murojaat qilishni tavsiya etamiz. Sababi — o‘zboshimchalik bilan noto‘g‘ri davo choralarini qo‘llash allergiyani kuchaytirish yoki boshqa xastaliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, astma kasalligi kelib chiqish ehtimoli yuqori hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring