Koronavirusni yengil shaklda kechirayotgan bemorlarni uy sharoitida parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi «COVID-19ni yengil shaklda kechirayotgan bemorlarni uy sharoitida olib borish bo‘yicha vaqtinchalik klinik qo‘llanma»ni ishlab chiqdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu qo‘llanmada COVID-19 yengil shakli bilan kasalllangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hozirgi kunda mavjud bo‘lgan klinik dalillar, maqbul amaliyotlar xamda ekspertlarning fikrlari keltirilgan. Tavsiyalar JSST, CDC kabi yetakchi tashkilotlarning materiallari asosida ishlab chiqilgan.
Kasallikning yengil shaklda kechishi quyidagi belgilar bilan namoyon bo‘ladi:
Tana haroratining 38°Sgacha ko‘tarilishi (yoki umuman isitma chiqmasligi), terlash, umumiy holsizlik, yo‘tal, betoblik, tumov yoki tomoqdagi og‘riq, tomoq qichishishi va achishishi, ko‘ngil aynishi, qusish va (yoki) diareya, mushaklar va tanadagi og‘riq, bosh og‘rishi, hid va ta’m bilish xususiyatining yo‘qolishi.
Bemorlar va ularning oilalari uchun tavsiyalar
— Bemorni alohida, shamollatiladigan xonaga joylashtirish kerak.
— Bemorning uy ichida harakatini cheklash va boshqa odamlar bilan bir xonada qolishini kamaytirish kerak. Bundan tashqari, umumiy xonalar (masalan, oshxona, hammom kabi) shamollatiladigan bo‘lishi kerak.
— Kasallik alomatlari bo‘lgan bemor tahlil natijalarini olgunga qadar simptomatik davo olishi kerak.
— Ona sutining afzalliklari va boshqa respirator viruslarning ona suti orqali yuqishi ehtimoli kamligini hisobga olib, ona chaqaloqni emizishda davom etishi mumkin. Bunda u bola bilan bir xonada bo‘lganda tibbiy niqob taqishi, go‘dak bilan muloqotda bo‘lishdan avval va keyin qo‘l gigiyenasiga rioya qilishi lozim.
— Oila a’zolari boshqa xonada qolishi kerak.
— Bemorni parvarish qilayotgan insonlar sonini chegaralash lozim. Salomatligi mustahkam, surunkali kasalliklari va immunodefitsit holati yo‘q insonni parvarish uchun tanlash maqsadga muvofiqdir. Bemor to‘la tuzalmaguncha va klinik belgilar butkul yo‘qolmaguncha, oldiga hech kimni kirgazish mumkin emas.
— Bemor va uning atrofidagi buyum va jihozlar bilan bevosita aloqada bo‘lgandan keyin albatta qo‘l gigiyenasini amalga oshirish lozim. Bundan tashqari, ovqat tayyorlashdan oldin va keyin, ovqatlanishdan avval, hojatxonadan keyin har safar qo‘llarni tozalab yuvish lozim.
— Agar qo‘llar iflos bo‘lmasa, spirtli eritma bilan tozalash mumkin. Biroq qo‘llar sezilarli ifloslangan bo‘lsa, sovunlab yuvish kerak.
— Yuvilgan qo‘llarni quritish uchun bir marotaba ishlatiladigan qog‘oz sochiqlardan foydalangan ma’qul. Agar bunday vosita bo‘lmasa, toza sochiqdan foydalansa bo‘ladi. Faqat nam tortgan zahoti, almashtirish lozim.
— Bemor doimiy ravishda tibbiy niqob taqib yurishi lozim. Bu uning nafas yo‘llaridan chiqayotgan ajralmalar tarqalishiga to‘sqinlik qiladi. Agar bemor niqob taqolmasa, nafas yo‘llari gigiyenasiga qat’iy rioya qilishi lozim: yo‘talganda yoki aksa urganda og‘zi va burunini bir martalik qog‘oz salfetka bilan to‘sish lozim. So‘ng ularni tashlab yuborish kerak.
— Parvarishlovchi kishi ham har safar bemor bilan bir xonada bo‘lganda, yuzini zich qoplab turuvchi tibbiy niqob taqishi lozim. Yuzdagi niqobni to‘g‘rilash va teginish mumkin emas. Agar niqob namlanib yoki ajralmalar bilan ifloslansa, u holda zudlik bilan yangi, quruq va tozasiga almashtirish kerak.
— Bemorning biologik ajralmalari, ayniqsa, og‘iz va burnidan chiqqan ajralma va najasi bilan bevosita aloqada bo‘lishdan qochish kerak.
Bemorning og‘iz bo‘shlig‘i va nafas yo‘llarini parvarishlashda hamda biologik chiqindilarini chiqarib tashlashda bir martalik qo‘lqop va niqobdan foydalanish lozim. Qo‘lqop, niqob taqishdan oldin va keyin qo‘llar gigiyenasiga amal qilish zarur.
— Niqob va qo‘lqoplarni qayta ishlatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
— Bemor uchun alohida ko‘rpa-to‘shak, choyshab va idish-tomoqlar ajratilishi muhim. Har safar ishlatilgandan so‘ng ularni sovun va maxsus vositalar bilan tozalab yuvish kerak.
— Bemor muntazam qo‘llarini tegizadigan uy anjomlari: javon, karavot va boshqa jihozlarni har kuni yuvib, dezinfeksiya qilish kerak.
— Yuvinish xonasi va hojatxonalar kuniga kamida bir marta tozalanishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
— Bemor foydalangan kiyim, choyshab, sochiq va boshqalar qo‘lda kir sovunda yoki kir yuvish mashinasida sovun yoki maxsus vositalar bilan 60-90°Cda tozalab yuviladi, so‘ngra quritiladi. Bemorning kir bo‘lgan kiyim-kechaklari alohida xaltaga solib qo‘yilishi, parvarish qilayotgan insonning teri sohasiga va kiyimlariga tegishining oldini olish kerak.
— Bemorning suyuq biologik chiqindilari bilan ifloslangan yuzalar, kiyim-kechak va choyshablarini faqat qo‘lqop va individual himoya vositalari (masalan, polimerdan tayyorlangan fartuklar) kiyib amalga oshirish tavsiya etiladi.
— Ishlatilgan lateks qo‘lqoplar tashlab yuboriladi. Qo‘lqoplarni kiyishdan oldin va keyin qo‘llar tozalanadi.
— Bemor parvarishi davomida ishlatilib, tashlab yuborish uchun yig‘ilib qolgan niqob, qo‘lqop va chiqindi materiallar utilizatsiya qilingunga qadar, og‘zi yopiq konteynerda bemor yotgan xonada saqlanadi.
— Bemor ishlatgan boshqa buyumlar (masalan, tish cho‘tkasi, sigareta, idish- tovoqlar, piyola, sochiq, mochalka yoki choyshablar) bilan aloqada bo‘lishdan ehtiyot bo‘lish kerak.
— Bemorga uy sharoitida xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari kerakli shaxsiy himoya vositalarini tanlash uchun xavflarni to‘g‘ri baholashlari hamda havo-tomchi va maishiy-aloqa yo‘llari orqali infeksiya yuqishining oldini olish tavsiyalariga qat’iy rioya qilishlari zarur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter