Ijtimoiy tarmoqlar: To‘g‘ri foydalansangiz ruhiy salomatlik uchun qanday ijobiy tomonlari bor?
Ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siri haqida ko‘p gapiriladi, lekin ularning ruhiy salomatlik uchun foydali tomonlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. To‘g‘ri foydalanilganda, ijtimoiy tarmoqlar bizning hayotimizni yanada boyitishi va ruhiyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu nimalarda ko‘rinadi?
Ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash:
Ijtimoiy tarmoqlar bizga dunyoning turli burchaklaridagi do‘stlarimiz, oila a’zolarimiz va hamkasblarimiz bilan bog‘lanib turish imkonini beradi. Bu ayniqsa, uzoq masofalarda yashaydigan yaqinlarimiz bilan muloqot qilish uchun juda qulay. Yangi odamlar bilan tanishish va o‘zimizga o‘xshash qiziqishlarga ega bo‘lganlar bilan muloqot qilish imkonini ham yaratadi.
Ma’lumot olish va bilimlarni oshirish:
Ijtimoiy tarmoqlar turli xil ma’lumotlar, yangiliklar va bilimlar olish uchun ajoyib manba bo‘lib xizmat qiladi. Qiziqarli guruhlar va sahifalarga a’zo bo‘lish orqali biz o‘zimizni qiziqtirgan sohalardagi yangiliklardan xabardor bo‘lishimiz, bilimlarimizni oshirishimiz va yangi ko‘nikmalarni egallashimiz mumkin.
O‘zini ifodalash va ijodiy salohiyatni rivojlantirish:
Ijtimoiy tarmoqlar o‘z fikrlarimizni, hissiyotlarimizni va ijodiy ishlarimizni boshqalar bilan baham ko‘rish imkonini beradi. Bu esa o‘zimizni ifodalashga, ijodiy salohiyatimizni rivojlantirishga va o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirishga yordam beradi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash:
Ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar, jamoalar bizni qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlashi va yordam berishlari mumkin. O‘zimizga o‘xshash muammolarga duch kelgan odamlar bilan muloqot qilish, tajriba almashish va maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Kayfiyatni ko‘tarish:
Qiziqarli videolar, kulgili memlar va ijobiy postlar kayfiyatimizni ko‘tarishga, stressni kamaytirishga yordam beradi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, ijtimoiy tarmoqlarning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor. Muhimi, ulardan ongli ravishda foydalanish va vaqtni cheklashdir. Umuman foydalanmaydiganlar ham bor, ularga o‘zining real hayoti qiziqroq, balki onlayn hayoti borlarga shubha bilan qarashi ham mumkin. Bular insonning maqsadiga qarab qilinadigan individual tanlovlar, birini to‘g‘ri, birini noto‘g‘ri deyishga bizning haqqimiz yo‘q. Biroq, mutaxassis sifatida salbiy va ijobiy tomonlari haqida ma’lumot berib o‘tishni lozim ko‘rdim.
Agar siz ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalansangiz, ular sizning hayotingizni turli ranglar qo‘shib boyitishi va ruhiy salomatligingizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Madina Miytan, psixolog
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter