Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hayotning ma’nosi nimada?

Hayotning ma’nosi nimada?

foto: internet, ochiq manba

Ko‘pincha «hayotning ma’nosi nimada?» degan savolni insonlar o‘ziga va boshqalarga beradi. Bu har birimizni o‘ylantiradigan muhim savol.

Ko‘pchilik bu savolga muhabbatdan javob topadi va bu, albatta, inson hayotidagi eng muhim jihat. Aslida, muhabbat – hayotga ma’no beradigan, uni rang-barang va qimmatli qiladigan kuchli manba.

Muhabbat sevgilisiga bo‘lgan munosabatdan boshlab, yaqinlarga va butun dunyoga bo‘lgan muhabbatni o‘z ichiga oladi.

Muhabbat – baxt, ilhom va o‘sishning kuchli manbai. Sevib va sevilib yashayotgan inson o‘zini to‘laqonli va baxtli his qiladi.

Lekin, hayot ma’nosini faqat muhabbat bilan cheklash juda oddiylashtirilgan va hissiyotlarga tayanilgan fikr.

Muhabbat kuchli dvigatel bo‘lsa ham, hayot ma’nosi bu – har bir inson uchun individual bo‘lgan ko‘p qirrali tushuncha.

Konslagerlarning dahshatlarini boshdan kechirgan Viktor Frankl (psixoterapevt, aynan hayotni ma’nosini qidirayotgan insonlar uchun qo‘llaniladigan mashhur logoterepaya usuli asoschisi) o‘z logoterapiyasida hayot ma’nosi oldindan belgilanmagan, balki inson tomonidan maqsadni izlash, mavjudligini anglash va mas’uliyatni qabul qilish orqali yaratiladi, deb ta’kidlagan.

Uning «inson «nima uchun» degan savolga javob topsa, har qanday «qanday»ga chidab bera oladi»  – degan fikri shaxsiy maqsad va ma’noni izlashning ahamiyati qanchalik ekanligini ko‘rsatadi.

Albert Kamyu esa o‘z absurdlik falsafasida: hayot ob’yektiv ma’nodan mahrum bo‘lsada, lekin bu uni bema’ni qilmaydi – deydi. Ma’no inson tomonidan dunyoni faol idrok etish, tanlov erkinligini qabul qilish va mavjudlikning absurdligi bilan kurashish jarayonida yaratiladi.

Demak, muhabbat muhim, lekin yagona ma’no manbai emas.

Hayot ma’nosini izlash bu – o‘zini anglash, o‘zini ro‘yobga chiqarish va dunyo bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishning doimiy jarayoni.

Bu jarayonga quyidagilarni kiritishimiz mumkin:

O‘zini ro‘yobga chiqarish: o‘z salohiyatini ochish, iste’dod va qobiliyatlarni ro‘yobga chiqarish.

Jamiyatga hissa qo‘shish: boshqa odamlar uchun foydali narsa yaratish, muhtojlarga yordam berish.

Ma’naviy o‘sish: o‘z o‘rnini olamda topish, dunyodagi o‘z rolini anglash.

Mustahkam munosabatlarni yaratish: faqat sevgi munosabatlari emas, balki do‘stlik, oilaviy va kasbiy munosabatlar ham.

O‘zini va dunyoni qabul qilish: o‘zi va atrof-muhit bilan hamohang yashash.

O‘sha o‘qigan postimda ta’kidlanganidek, sobiq sevgilisiga adovat va xafagarchilik baxtsizlik belgisi. Bunga, qo‘shilaman. Lekin, o‘tmishni qo‘yib yubora olmaslik psixologik travma yoki  ulg‘aymaganlikning natijasi bo‘lishi ham mumkin.

Kechirishni, xafagarchiliklarni qo‘yib yuborishni va salbiy hissiyotlar bilan qolib kntmasdan olg‘a siljishni o‘rganish ham muhim.

Xulosa qilib aytganda, hayot ma’nosi  bu –  statik javob emas, balki dinamik jarayon bo‘lib, uni izlanishimizni o‘zi hayotimizni o‘ziga xos qiladi.

Muhabbat bu izlanishning muhim qismi, lekin hayot maqsadini har kim o‘zi belgilashi kerak!

Madina Miytan, psixolog

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring