Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zarafshon daryosidagi baliqlarning yana ommaviy nobud bo‘lishi kuzatildi (foto)

Zarafshon daryosidagi baliqlarning yana ommaviy nobud bo‘lishi kuzatildi (foto)

Joriy yilning 4-sentyabr kuni  soat 9:15 larda Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga Karmana tumani hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi qirg‘oqlarida baliqlarning ko‘plab nobud bo‘lganligi bo‘yicha murojaat kelib tushgan.

Navoiy viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Boshqarma holat yuzasidan tezkor ravishda ishchi guruh tuzib, voqea joyiga borib o‘rgangan. 

Hodisa sabablarini o‘rganish maqsadida «Navoiyazot» AJ va «Navoiy IES» AJ  korxonalarining Zarafshon daryosiga  tashlanadigan oqava suvlaridan namunalar olindi.        

Shuningdek, baliqlarning ommaviy nobud bo‘lish sabablarini aniqlash uchun viloyat Veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari tashxisi laboratoriyasi tomonidan nobud bo‘lgan baliqlardan ham namunalar olindi.

Nobud bo‘lgan baliqlarni daryodan yig‘ib olish uchun qo‘shimcha ravishda rezina qayiqlar va 25 nafar Ekologiya boshqarmasining davlat inspektorlari jalb qilinib, jami 829 dona  (486 dona tovonbaliq, 113 dona  sazan, 121 dona som baliq, 12 dona turkiston mo‘ylovdori, 97 dona Samarqand xramulyasi) baliqlarni daryodan yig‘ib olish choralari ko‘rilmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, huddi shunday holat o‘tgan yilning oktyabr oyida ham sodir bo‘lgan va bunga «Navoiyazot» AJga qarashli (1-tashlama) 267-quduqdan daryoga hayot uchun xavfli moddalar chiqarilgani sabab bo‘lgani aytilib, o‘rganish-surishtiruv ishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring