Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zahiriddin Muhammad Bobur. Hirotda yigirma kun

Zahiriddin Muhammad Bobur. Hirotda yigirma kun

Jangu jadallar ichida yurgan yosh hukmdor Hirotdan kelgan maktubni hayajonlanib, sevinib qo‘liga oldi. Chunki, ushbu maktubni Samarqandga Navoiy hazratlari yozib yuborgan, unda Bobur Mirzoga buyuk shoirning istaklari aks etgan edi...

Siyosat sahnasiga chiqib, Movarounnahrda kechayotgan kurashlarda Samarqandni qo‘lga olgan kunlari, Zahiriddin Bobur dong‘i Sharqqa tarqalgan o‘z davrining fuzalosi Navoiydan noma olgach, sevinchini ichiga sig‘dira olmadi. Negaki, u ham endigina she’rlar yoza boshlagan, gohida taxt uchun kurashlar bilan bo‘lib, ijod quyi darajaga tushib qolardi. Ana shunday damlarda Bobur faqat so‘zning boqiyligini his etib, Navoiy davlat amaldorligidan bejiz iste’foga chiqmaganligini anglagandek bo‘ldi. Biroq taqdir yozig‘i uni Andijondan Samarqand taxtiga boshlab kelgan, bu yo‘lda ko‘p qurbonliklar berilgandi. Qolaversa, ikkinchi bor Samarqandni qo‘lga kiritib turgan damlar edi o‘shanda.

Xullas, ular kitobat–maktub orqali diydorlashdilar. Bu paytda Xuroson poytaxti Hirotda turgan Navoiy «Majolis un-nafois» tazkirasiga xurosonligu movarounnahrlik shoirlar ijodidan ash’or to‘playotgandi.

Samarqand taxtiga chiqqan yosh podshoh ana shu zaylda Navoiy e’tiborini tortgan, ammo... Hirotdan «javob kelguncha tafrika (g‘alayon, parokandalik) va g‘avg‘o bo‘ldi», deya «Boburnoma»da kuyunib yozgan edi muallif.

Chunki Bobur ikkinchi bor Samarqandni Shayboniyxonga topshirishga majbur bo‘lgan edi. Bu orada Navoiy hazratlari ham vafot etdi.

Ko‘p vaqt o‘tmay, Bobur saltanati uchun bo‘lgan kurashlarda mag‘lublik alamini chekib, Hirotga ketishga majbur bo‘ladi. Aynan Boburning Hirotga yuz tutishiga sabab, 1506 yilning qishida Murg‘ob daryosi yoqasida temuriy sultonlar Shayboniyxonga qarshi birgalashib kurashish maslahatiga yig‘ilishmoqchi edi. Shu tariqa o‘tadigan mashvaratga Bobur ham taklif etiladi.

Xurosonda o‘sha vaqtda tarixda uchramagan holat – Boyqaro o‘limidan keyingi taxt talashishlar natijasida, Xadichabegimning fitnalari bois mamlakatda ikki shahzoda – Badiuuzamon va Muzaffar Mirzolar hukmdorlik qilayotgan fojiali davr edi.

Dushanba kuni jumodil oxir oyining sakkizinchisida Murg‘ob bo‘yida Bobur Movarounnahrdan, Abulmuhsin mirzo Marvdan, Ibni Husayn Mirzo To‘n, Qoyindan, Muzaffar Mirzo, Badiuzzamon mirzolar Hirot shahridan kelib uchrashadilar. «Boburnoma»da muallif Shayboniy xavf solib kelayotgan paytdagi temuriy shahzodalarning takabburligi, bir-biriga mensimay munosabatda bo‘lganliklarini achinib yozadi.

«Kepak mirzokim, Mashhatda edi, har necha kishilar yibordilar, noma’qul so‘zlar aytib, nomardliq qilib kelmadi. Aning taassubi Muzaffar mirzo bila edi, ya’ni ul podshoh bo‘lg‘onda men nechuk aning qoshig‘a barg‘oymen, deb mundoq mahaldakim jami’ og‘oini bir yerda yig‘ilib, ittifoq qilib, Shayboniyxondek g‘anim ustiga azm jazm qilib yuruydurgonda mundog‘ bemaza tassub qilib kelmadi. Aning bu kelmamagini holokim taassubqa haml qilur, barcha nomarlikka haml qilg‘ularidur.

G‘arazkim, bu dunyoda kishidin ushmundog‘ nimalar qolur, har kim aqldin bahravar bo‘lsa, nega andog‘ harakatga iqdom qilg‘aykim, andin so‘ng yomon degaylar va har kishiga hushdin asar bo‘lsa, nega andog‘ ehtimom qilmag‘aykim, qilg‘ondin so‘ng mustahsan degaylar».

Bobur temuriy shahzodalarning manmansirashdek illatidan taassublanadi va bir forsiy naqlni keltirib o‘tadi:

«Zikri nomero, hakimon umri soni guftaand».

Ya’ni, «Shuhrat bilan yodlanishni, hakimlar, ikkinchi umr demishlar».

Afsuski, Murg‘obdagi uchrashuv ham manmansirash ruhida boshlanadi. Dastlab uchrashuv joyiga kelgan Muzaffar mirzo va Ibni Husayn mirzo yoshi ancha kichik bo‘lishiga qaramay, Abulmuhsin mirzoga bepisand qaragandek bo‘lishdi, uni peshvoz kutib olishmadi. Boburning o‘zi esa Abulmuhsin mirzo bilan bir-biriga yaqin masofaga kelganlarida otdan tushib, «yurub ko‘rushub otlanildi».

Temuriy shahzodalar, xususan, Husayn Boyqaroning farzandlari mamlakat ichida bir-biri bilan yovlashib qilich chopishgan, tashqi yov bilan hali jang qilishmagan edilar. Qolaversa, Badiuuzamon, Muzaffar Mirzolar qo‘shhukmdorlik ila Xurosonga boshchilik qilishga urinishar, boshqa shahzodalar esa oddiy bir viloyat hokimi darajasida edi.

Bulardan farqli o‘laroq, temuriy hukmdorlar ichida Boburning mavqei katta edi. Chunki, u otasining o‘rniga Farg‘ona hukmdori sifatida taxtga qonuniy o‘tirgan, Amir Temur poytaxti bo‘lmish Samarqandni ikki bora qo‘lida tutib, azim shaharda toj kiyish sharafiga ham muyassar bo‘lgan yig‘indagi yagona nufuzli temuriyzoda edi.

Shu taxlit sifatlarini anglaganlaridan so‘nggina ular,ayniqsa Badiuzzamon Boburga iltifot ko‘rsatdi:

«Yana bir navbat Badiuuzamon mirzo qoshig‘a borg‘onda namozi peshindin so‘ng chog‘ir majlisi bo‘ldi, men ul mahallar ichmas edim, tavr orosta majlise edi, xonlarda har nav’ gazaklar yasab edilar: tovuq kabobi va qoz kabobi va har jins at’imadin torttilar. Badiuzzamon mirzoning majlisini xeyli ta’rif qilurlar edi, filvoqe beg‘ilu g‘ash oromida majlis edi. Murg‘ob yoqasida ekanda ikki-uch qatla mirzoning chog‘ir majlisida hozir bo‘ldum. Ichmasimni chun bilurlar edi, taklif qilmadilar.

Muzaffar mirzoning majlisida ham bir navbat bordim. Husayn Ali Jaloyir va Mir Badr Muzaffar mirzo qoshida edilar. Ul majlisda bor edilar. Kafyiyat bo‘lg‘onda Mir Badr raqs qildi, xo‘b raqs qildi. G‘olibo ul nav’ raqs Mir Badrning ixtiroidur».

Xullas, Xurosonga Shayboniy xavf solib turgan, har bir kun, lahza kengashib, kuchlarni birlashtirish zarurligi muhokama etiladigan paytda, shahzodalar o‘rtasida manmansirash, chog‘ir bazmlari Murg‘obda avjiga chiqqan edi.

Bu orada Shayboniy Balxni egallaydi. Murg‘obga «o‘n yig‘och yo‘l» bo‘lgan Chechaktu ham Shayboniy askarlari itoatiga o‘tadi. Xavf yaqin qolgan edi...

Bobur bundan nomus qilib, shahzodalarga o‘ziga izn so‘rab, Shayboniyga qarshi hujum qilmoqchi ekanligi aytadi. Ruxsat bermaydilar. Ammo o‘zlari ham kuchni birlashtirib, yovga qarshi otlanishni kechiktirishadi. Bobur o‘z yigitlari bilan Kobulga borib o‘zi kuch to‘plash fikriga keladi.

«Chun Qobul va G‘azni (G‘azna) purshar va sho‘r yerlar edi, turk va mo‘g‘uldin va aymoq axshomdin va afg‘on va hazoradin muhtalif el va ulus anda yig‘ilib edilar. Yana Xuroson bila Qobul orasi yovuqroq yo‘ldinkim tog‘ yo‘li bo‘lg‘ay, agar qor va yax nima mone bo‘lmasa, bir oychiliq yo‘l edi. Tuz bila qirq-ellik kunlik yo‘l edi, viloyat ham hanuz yaxshi ko‘ngul bosmaydur edi. Davlathohlardin hech kim bizning anda qishlarimizni saloh ko‘rmadilar. Mirzolarg‘a uzr ayttuk. Qabul qilmadilar. Ko‘prak taklif qildilar, har necha uzr deduk, taklifni bajidroq qildilar. Oxir Badiuuzamon mirzo va Abulmuhsin mirzo va Muzaffar mirzo otlanib, mening uyumga kelib, qish turmoq taklifini qildilar. Mirzolar yuziga yo‘q deyolmaduk, mundoq podshohlar o‘zlari kelib, turmoq taklifini qildilar».

Ammo Badiuzzamon, Muzaffar va Abulmuhsinning Hirotda qishlash taklifini o‘ylab, bunga rozi bo‘ladi. Chunki, u Alisherbek yashagan, ijod qilgan, Boyqaro davrida taraqqiy qilgan Hirotni ko‘rish orzusida yurgan edi.

Boburning kelishi sharafiga Husayn Boyqaro barpo ettirgan madrasada yosh temuriy shahzoda sharafiga qabul marosimi uyushtiriladi. Unda Xadichabegim, Poyanda Sultonbegi, Ofoqbegim singari malikalar ham ishtirok etishadi. Bir muddat shu yerda bo‘lib, qur’on tilovat qilishgach, Xadichabegimning uyida mehmon sharafiga osh tortilib ziyofat beriladi.

Shu tarzda Bobur Hirotga kelgan kuni Poyanda Sultonbegim uyida, ikkinchi kun Bog‘i Novda, yana bir kun Bog‘i Jahonoroda bo‘lib, qolgan kunlarini esa Navoiyning «Unsiya» nomli hovlisida o‘tkazadi. 1506-1507 yil voqealarini yozar ekan, «Boburnoma» muallifi bu haqda shunday eslaydi:

«Avval menga Bog‘i Navda yurt tayin qilib edilar. Tonglasi kelib, Bog‘i Navda tushtum. Bog‘i Navda bir kecha bo‘ldum, ani munosib ko‘rmay, Alisherbekning uylarini tayin qildilar. Hiriydan chiqquncha Alisherbekning uylarida edim».

Injil anhorining o‘ng tarafidagi Navoiy yashagan hashamatli hovli Boburga Alisherbekning nozik didli me’mor ekanligini anglatar edi. Ayniqsa, devor bo‘ylab ekilgan Samarqandning oq teraklari Navoiydan maktub olgan 1499 yilni yodga soldi. O‘shanda u maktubni hayajonlanib o‘qiganini xotirasiga keltirdi.

Alisherbek Samarqandga yo‘llagan maktubini ana shu hovlida, qo‘sh tabaqali eshikdan kirib boriladigan mehmonxonasidagi kitoblarga to‘la nurafshon maskanda bitganini Bobur sezib turardi. Chunki yetti-sakkiz yildirki, hovli, undagi xonalar Navoiy hayotligidagidek saqlanib kelardi. Bobur Navoiy hovlisida yashab, u ekkan mevali, manzarali daraxtlar oralab yurar ekan, Alisherbekning g‘azallarini yodiga keltirar, o‘zi ham ruboiylar bitardi.

Badiuzzamon uni Bog‘i Jahonoroga chorlagach, borib u bilan uchrashib, vaziyat haqida suhbat quradilar. Ertasi kuni esa Xurosonning boshqa hukmdori – Muzaffar Mirzo uyiga chorlaydi….

Bobur temuriylarning raqiblari – Shayboniy Xurosonga ot solib kelayotgan paytda Hirotda shahzodalarning sharobbozlik, aysh-ishrat qilayotganini yozar ekan, chog‘ir ichishga mayli bo‘lsa-da, o‘zini tuta bilganini ta’kidlab o‘tadi. Aniqrog‘i, oldingi kuni boshqa hukmdor – Badiuuzamon uyida bo‘lganida sharob ichmagan, qolaversa, uning yoshi, nufuzi Boburdan yuqori edi. Endi esa boshqa hukmdor – Muzaffar mirzo uyida sharob ichishni u Badiuuzamonni pastga urish bo‘ladi, deya o‘zini tiya oladi.

Shu taxlit Bobur Hirotdalik paytida Muzaffar Mirzo, Badiuzzamon Mirzolar yaratib bergan shart-sharoitlar tufayli azim shaharni ziyorat qildi. Navoiy barpo ettirgan maskanlarni bir-bir sanab beradi.

Bobur Hirotda o‘tayotgan har bir kunidan unumli foydalanib, shaharning deyarli hamma joylarini tomosha qilishga ulguradi. Uning sharafiga atab Muzaffar Mirzo bergan ziyofatdagi musiqa oqshomi ancha ancha paytlargacha yosh hukmdorga ta’sir qilib yurgan. O‘shanda Shayxiy Noyi degan sozanda, naydagina emas, ud va g‘ijjakda ham benazirligini namoyish etgan edi. Badiuzamonning musiqali ziyofatida Shayxiy va Qul Muhammad o‘rtasida bahs bo‘lib o‘tadi. Shayxiy nayda bir kuyni chiroyli qilib chalgach, Badiuzamon Qul Muhammaddan ham uni g‘ijjakda chalishni so‘raydi. Qul Muhammad g‘ijjakda bu kuyni yaxshi ijro etolmaydi. Ammo buni tan olmay, «g‘ijjak noqis soz» deya «ayb»ni musiqa asbobiga yuklamoqchi bo‘ladi. Shunda Shayxiy Qul Muhammadning qo‘lidagi g‘ijjakni olib, o‘zi nayda ijro etgan kuyni «xo‘b va pokiza» chalib, ziyofat ahlini hayratga soladi.

Hofiz Hojining past ovozda ijro etgan ashulasi, Jaloliddin Mahmudning nay, Shojdi bachaning changda ijro etgan kuylari, Mirjon Samarqandiyning esa «baland va durusht va bemaza» aytgan xonishlarini eshitib, Bobur mehmon sifatida har bir tunni zavqli o‘tkazadi. Muzaffar Mirzoning «qishloqi uyi»dagi o‘sha ziyofatda Yusuf Ali Ko‘kaltoshning raqslari, katta va kichik Moh degan qullarning masxarabozliklari, Jonak xonandaning ularga mos qo‘shiqlarini eshitib, davra fayzli bo‘lganini eslaydi.

Oqshomlarni shu kabi bazmlarda o‘tkazgan Bobur kunduzi Yusuf Ali ko‘kaltoshning hamrohligida otda shahardagi jamiki xiyobon, maqbara, masjid, madrasa, bozorlarda sayr qiladi. Muqavviyxonadek polvonlar kurash tushadigan usti yopiq maydon, sozanda va xonandalarga mo‘ljallangan Bog‘i Jahonorodagi Savsanixona, Pahlavon Muhammad uchun Boyqaro qurdirgan Ne’matobod Hirotda Bobur qadami tekkan maskanlar edi o‘shanda.

Bu paytga kelib, Movarounnahrni zabt etgan, Samarqand taxtini Bobur qo‘lidan tortib olgan Shayboniyxon Xurosonga zarba hozirlayotgan edi. Shunday damda raqibiga qarshi kuch to‘plash niyatidagi Bobur Hirotda ortiq qololmasdi.

U taraqqiy etgan shaharda atigi yigirma kun bo‘lganidan, shahzodalar o‘rtasida manmansirash, ixtilof borligidan afsuslansa-da, Navoiy hovlisida yashaganidan qalbi g‘ururga to‘lgan, ruhi poki madadkor bo‘lishidan umidvor edi.

Umid BEKMUHAMMAD,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring