Yaxshiyam sen borsan, onasi...

«Mayliku-ya...»
U mahalla raisi oldiga kelib o‘zini nochordan olib nochorga soldi va moddiy yordam so‘radi.
− Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi, uka, − dedi rais. − Yaxshisi yuzta tovuq olishingga ko‘maklashaman. Kuniga 70–80 tadan tuxum tug‘sayam ro‘zg‘oringga baraka kiradi, sotib, pul topasan. Tovuq yetti xazinaning biri, axir.
− Mayliku-ya, − dedi u chaynalib. − Lekin hovlimda tovuq katagim yo‘q-da...
− Unisigayam ko‘ndim, − oqsoqol yon bosdi. − Ikkita yigitga aytaman, tovuq katak qurishingga yordamlashadi. Bo‘ladimi?
− Mayliku-ya, − u yana chaynaldi. − Bir tovuqqaham suv kerak, ham don, deganlariday, yuzta tovuqniqanday boqaman?
− Bu yog‘ini o‘ylama, − raisning ensasi qotsayam sezdirmadi. − To‘rt-besh kunga yetadigan yem topibberaman.
− Mayliku-ya, − battar chaynaldi u. − Ammoto‘rt-besh kundan keyin nima qilaman? Tovuq boqishning o‘zi bo‘ladimi?
Raisning jahli chiqdi:
− Unda ketaver. Tovuqlarni katagi bor, don-duntopadigan boshqa oilaga beramiz. Bo‘ladimi?
− Mayliku-ya, moddiy yordam-chi? Moddiy yordam nima bo‘ladi?
− Moddiy yordam senga to‘g‘ri kelmaydi!.. Sur g‘altagingni...
U o‘sha kunning o‘zida raisning ustidan shikoyat yozdi...
Juvon
Oylab qovog‘idan qor yog‘ib, aftiniburishtirib, alamini begunoh bolalaridan olib, biriga javrab, birini koyib, qaynonasiga zarda qilib, savollariga «ha» yoki «yo‘q»dan narigao‘tmay, o‘ziniyam, boshqalarniyam sil qilib tashlagan juvonning yuziga kutilmaganda tabassum yugurdi, oshxonada qo‘shiq xirgoyi qilayotganini eshitishdi.
Chetga ishlashga ketgan eri qaytayotgan ekan...
Umr savdosi
Ikki yosh ajrashdi. Unisi u yon ketdi, bunisi buyon. Jahl chiqqan edi, aql qochdi Aql kelganida unisi Mag‘ribda edi, bunisi Mashriqda. Bu ham yetmaganday o‘rtalarida uchinchi daraxt ko‘karib chiqqandi.
Dil dilga talpinib, Mag‘rib bilan Mashriq orasi bir qadam bo‘ldi. O‘rtadagi daraxtni ham bosib o‘tishdi.
Jahl chiqqanida ko‘prik bo‘lmagan, umr savdosini mol savdosiga aylantirgan kattalar o‘rtadagi daraxtga nima deyishni bilmay og‘zilariga mum solib olishdi...
Onasi
U davr ustida edi, uzatgan joyiga qo‘li yetardi. Unga qulluq qilguvchi ham, soyasiga salom berguvchi ham ko‘p edi. Hamma tanish, oshna, birodar, tegib ketgan qarindoshi borki, etagidan ushlab olgandi. Telefoni bir zum tin olmas, iltimoslardan qulog‘i qomatga kelar, ba’zan kimga nima deyishni bilmay qolardi.
Ittifoqo uning davri tugab, uyda o‘tiribqoldi. Xotinidan boshqa bezovta qilmaydiganbo‘ldi. Gohida ko‘cha-ko‘yda ushlanib qolsa telefonijiringlab, tanish, raqam namoyon bo‘ladi: «Dadasi, kelmayapsiz, sizni kutib o‘tiribmiz...», «Dadasi, ovqat suzyapmiz, kelaqoling», «Dadasi, telefoningiz o‘chirilgan ekan, xavotir oldim», «Dadasi...»
Unga ayolining ovozi kuyday mayin, yoqimli eshitiladi, huzur qiladi va lablari beixtiyor pichirlaydi:
«Yaxshiyam sen borsan, onasi...»
«Suyak»
Uning ko‘ziga shu juvondan boshqasiko‘rinmadi. Hamma narsasidan voz kechdi. Xotinidan, bir etak bolasi, keksa ota-onasi, uy-joyi, hovlisidan...
Bir og‘il mol boqayotgan, tandir-tandir non yopayotgan, tog‘ora-tog‘ora kir yuvayotgan xotini ko‘ziga xunuk ko‘rindi. Kiyimidan atir hidi anqib turgan juvon atrofida girdikapalak bo‘ldi, topganini unga tashidi, yo‘q narsasini bor qildi, o‘g‘lini o‘g‘lim dedi, qizini qizim. O‘zinikilar arosatda qolib ketdi.
Yillar o‘tib ayolning qizi qiz, o‘g‘li o‘g‘il bo‘ldiva... uni it g‘ajib tashlagan suyakday irg‘itib yubordi.
«Bo‘ladi»
Ular uchrashib qolishdi.
− Kelin qilibsiz deb eshitdim, qulluq bo‘lsin.
− Qulluq, qulluq. Bitta o‘g‘lim bor, qanaqa kelin tusharkin, deb o‘ylaganim-o‘ylagan edi. Xudoga shukr, ko‘nglimdagisi uchradi, biram abjirki, asti qo‘yaverasiz. Hamma ishni qo‘limdan oldi, pishirgan ovqatining mazasi og‘zingizdan ketmaydi. Kallayi saharlab turib hovlini, ko‘chalarni supurib-sidirgan, nonushta tayyorlagan. Fahm-farosatini aytmaysizmi, ishga ketayotsam: «Yaxshi borib keling, oyijon», deb ko‘chagacha kuzatib qo‘yadi. Ishdan qaytsam: «Yaxshikeldingizmi, oyijon?» deb sumkamni oladi, tuflimni artadi, qo‘limni sovuq suvga urdirmaydi. Qizlarimga: «Hammangni sotib kelinimga yediraman», deyman hazillashib. Ishim chorpoyada o‘tirib o‘zimni yelpish bo‘lib qoldi...
Oradan bir yil o‘tib ular yana uchrashib qolishdi.
− Yaxshi yuribsizmi? Kelin qanday, xizmatingizni qilyaptimi?
− Bo‘ladi...
Uning ovozi zo‘rg‘a eshitildi...
Parvoz
U osmonlarda uzoq uchdi. Qanotlarini kerib, viqor bilan. Ko‘kning havosi havolantirdi, pastgaqaramadi ham.
Ittifoqo qanoti qayrilib ketdi, lat yedi, uchishga yaramay qolib, yerga tushdi.
Biroq yurishga qiynaldi, uvishib qolgan oyoqlarining chigilini yozolmay, uyida biqiniboldi.
Qush qanchalik baland va uzoq uchmasin qo‘narmanzili yer ekanini unutgan edi u.
Opa-singillar
Opa-singillar turmushga chiqishdi: biri mol-dunyosi behisob erkatoyga, ikkinchisi so‘mni so‘mga ulab yashayotgan bechoraholga.
Opada dang‘illama uy, qator-qator mashina, kalondimog‘ qaynona, olifta er.
Singilda paxsa uy, nurayotgan devor, sodda qaynona, mehnatdan boshi chiqmagan er.
Unisining qadami o‘lchovli, so‘rovli, tergovli. O‘z uyida begona.
Bunisida borini baham ko‘rishgan, uyim-joyim deb turishgan. Yarimta non − rohatijon.
Qiziq, kichik qiz opasiga havas qiladi...
Opa esa singlisiga...
Eshak
Egasi eshakni rosa ishlatdi, kuch-quvvatini olib, sillasini quritib. Xalacho‘pini niqab qo‘ysa bas, ko‘rsatgan tomoniga yo‘rg‘alab, hali u yukini tashidi, hali bu yukini. Ba’zan shalog‘i chiqqan aravani yelkasiga ortmoqlab yurdi. Na kunni, na tunni bildi, oldiga tashlab qo‘yilgan bir bog‘ poxolni yeb ishlayverdi.
...Puli ko‘paygan egasi mashina oldi va eshakni dargohidan quvib yubordi. Qaysi tomonga yurishini bilmay ko‘chaning qoq o‘rtasida qolib ketdi odamga o‘rgangan eshak.
Saboq
U kuyovini qiziga isitish uchun qilmagan irim-amali qolmadi. Bir oyog‘i folbinnikida, bir oyog‘i duoxonnikida bo‘ldi. Birovi issiq-sovug‘ini, boshqasi qaytarmasini, yana biri dam suvini qilib berdi. Qay birini ichirdi, boshqasini yedirdi, yana birini septirdi.
Pirovardi shu bo‘ldiki, kuyovi qizini tashlab ketdi...
Ko‘ngil dunyosini faqat ko‘ngilgina isitishini hisobga olmadi u.
Lola O‘ROQOVA
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter