Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Toshkentda yangi quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi

Prezident Toshkentda yangi quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Toshkent shahrida Yangi O‘zbekiston ko‘chasi va 4R12 magistral yo‘li kesishuvida quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda bu ikki yo‘lda qatnov ortdi. Bo‘stonliq va Parkent tumanlariga borayotgan sayyohlar soni ham avvalgi yillarga qaraganda bir necha barobar ko‘paydi, hali yana oshadi. Shuningdek, bu kesishma kelajakda Yangi Toshkent shahriga olib boradigan asosiy yo‘l bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shularni inobatga olib, bu kesishmada transport bog‘lamasi qurish mo‘ljallangan. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 1 ta ko‘prik, 3 ta tunnel, 4 tadan aylanma va qo‘shimcha yo‘llar barpo etiladi.

Bularning evaziga chorraha bironta ham svetoforsiz – «yashil chorraha» bo‘ladi. Bu qulaylik natijasida haydovchi va yo‘lovchilarning vaqti hozirgiga nisbatan 20-30 daqiqaga tejaladi, harakat xavfsizligi oshadi.

Prezident «Do‘stlik – Qo‘yliq» yerusti metrosi tagida qurilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ham ko‘zdan kechirdi. Loyiha doirasida bu yerda 36 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, sport va bolalar maydonchalari, avtoturargohlar barpo etiladi.

Mutasaddilarga bu yerda xavfsizlik choralari va nazoratini ta’minlash, Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring