Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga to‘lanadigan pul mukofoti 5 baravarga oshiriladi

2025-yil 1-iyundan nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.
Bu borada Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-61-son farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, shuningdek, joriy yil 1-iyundan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga BHMning 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.
Bundan tashqari, 2025-yildan «El-yurt umidi» jamg‘armasining yangi stipendiya yo‘nalishi sifatida «Yorqin iste’dod» loyihasi joriy etiladi va loyiha uchun 300 milliard so‘m ajratiladi.
Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
- har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kambag‘al oilalar farzandlarini xorijda o‘qitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;
- saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida o‘qitish;
- «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter