Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vagonda unutib qoldirilgan buyum metro harakatida uzilishga sabab bo‘ldi

Vagonda unutib qoldirilgan buyum metro harakatida uzilishga sabab bo‘ldi

Alisher Navoiy metro bekati

Foto: Xabar.uz

Bugun, 3 noyabr kuni Toshkent metrosining Alisher Navoiy bekatida yo‘lovchilar navbatdagi poyezdni 11 daqiqadan ko‘proq vaqt kutib qolishgan. Bu haqdatda Tashkent_land telegram-kanali obunachisi yuborgan ma’lumotga tayanib xabar bergan.

Ertalabgi soat 8-9 orasi tig‘iz vaqt hisoblanib, yo‘lovchilarning eng yirik oqimi kuzatiladi. Shu bois ham odatda bu paytda poyezdlar juda kichik oraliq farq bilan harakatlanadi.

Interval uzayishi metro stansiyasida yo‘lovchilar to‘planib qolishiga sabab bo‘lishi, navbatdagi poyezd kelganda hamma bir vaqtda vagonlarga intilishi kutilmagan ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa bu holat metroning bir yo‘nalishidan ikkinchisiga almashiniladigan bekatlarda yuz berishi yanada xavotirli. Toshkent metrosining Alisher Navoiy bekati esa Chilonzor va O‘zbekiston yo‘nalishlarini bog‘lovchi ana shunday bekatlardan biridir.

Foto: Tashkent_land telegram-kanali

Ma’lum bo‘lishicha, muammoga “Beruniy” bekatiga yetib borgan poyezd aylanma yo‘lga kirishidan oldin metropoliten xodimlari tomonidan tekshirilganda, vagonlardan birida nazoratsiz buyum topilgani sabab bo‘lgan.

“Yo‘lovchilar va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, belgilangan yo‘riqnomaga asosan, ushbu poyezd tekshiruv yo‘lagiga yuborilgan. Tekshiruv davomida ushbu nazoratsiz buyum yo‘lovchilardan birining shaxsiy qo‘l yuki ekanligi aniqlangan. Buning natijasida esa yo‘nalishdagi poyezdlar belgilangan jadvaldan bir muddat kechikkan holda harakatlangan”, deyiladi “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

“Toshkent metropoliteni” DUK poyezdlar belgilangan jadvalga asosan harakatlanishi uchun yo‘lovchilardan metro xizmatidan foydalanishda o‘z shaxsiy buyumlariga e’tiborli bo‘lishlarini so‘ragan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring