Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uzbekistan Airports» rahbarining iste’fosi sababi aytildi

«Uzbekistan Airports» rahbarining iste’fosi sababi aytildi

«Uzbekistan Airports» AJ boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayevaning kutilmaganda ishdan ketishi uning Moskvaga qaytishi bilan bog‘liq. Bu haqda ayrim nashrlar yozmoqda.

7 avgust kuni «Uzbekistan Airports»ga ikki yarim yil davomida rahbarlik qilgan R.Jo‘rayeva ishdan ketgani, uning o‘rnini Javlonbek Umarxo‘jayev egallagani ma’lum bo‘lgan edi.

Kompaniyada katta o‘zgarishlarni amalga oshirgani rasman e’tirof etilgan, qolaversa, 2022 yil noyabrda shartnomasi 3 yilga uzaytirilgan rahbarning qo‘qqis ishdan ketishi tushunmovchilik tug‘dirgandek edi.

Telegramdagi «Vzglyad na Vostok» kanali xabariga ko‘ra, postsovet makonida eng yaxshi top-menejerlardan biri va uchuvchisiz parvoz qiladigan apparatlar bo‘yicha mutaxassis R.Jo‘rayeva hozirgi pallada Rossiya uchun juda  zarur kadr sanaladi.

«Ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva aviatsiya institutini qizil diplom bilan bitirgan mutaxassisning salohiyati Rossiyaga zarur bo‘lib qoldi. Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin topshirig‘i bilan mamlakatda uchuvchisiz qurilmalarni rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur tayyorlanmoqda», – deb yozadi «Vzglyad na Vostok».

Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi ketayotgan bir paytda Rossiyaning harbiy texnika, xususan, jangovar dronlarga ehtiyoji oshib borayotgani aytilmoqda.

Kecha, 7-avgust kuni Putin «Rostex» rahbari Sergey Chemezovga uchuvchisiz uskunalar hamda kamikadze dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni buyurgan. O‘z navbatida, «Rostex» rahbari mudofaa vazirligi uchun zarur harbiy qurilmalar to‘liq yetkazib berilishini aytgan.

Ra’no Frunzevna Jo‘rayeva uzoq yillar Rossiyada aviatsiya va kosmos sohasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2021-yil fevraldan «Uzbekistan Airports» raisi vazifasida faoliyat yuritib kelgan.

Uning iste’fosini o‘zbekistonlik bloger Kainbek boshqa rakursda izohladi.

«Ra’no Jo‘rayevaning «Uzbekistan Airports» kompaniyasi rahbari lavozimidan muddatidan oldin ozod etilishini, nazarimda, havo transport tizimi «eski bo‘rilari»ning g‘alabasi deyish mumkin. Ular aeroportning mustaqil va serdaromad kompaniya sifatida emas, balki doimiy sog‘iladigan sigir bo‘lib qolishidan manfaatdor edi», – deb yozadi bloger.

Boshqaruv bo‘yicha ekspert Aziza Umarova ham R.Jo‘rayeva faoliyatini yuqori baholab, u qisqa muddatda boshqalar 30 yilda qila olmagan ishni uddalagani, kichik aviatsiya tizimini yarata olganini urg‘ulagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring