Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Umra ziyoratini tashkil qiluvchi firmalarga ayrim talablar qo‘yilmoqda

Umra ziyoratini tashkil qiluvchi firmalarga ayrim talablar qo‘yilmoqda

Xususiy shakldagi turfirmalarning «Umra» xizmatlarini ko‘rsatishi bo‘yicha ayrim qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilmoqda.

Diniy qo‘mitaga ko‘ra, bu Hukumatning 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Unga ko‘ra, mazkur xizmat bilan shug‘ullanuvchi xususiy sektor vakillari, jumladan:

  • 100 ming AQSh dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yadi;
  • «Umra» xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlaydi;
  • «Umra» xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishini ta’minlaydi;
  • «Umra» xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish ta’qiqlanadi;
  • «Umra» xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.

Mazkur qaror asosida endilikda faqat «Umra litsenziyasiga ega» bo‘lgan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turistik tashkilot «Umra» tadbirlarini tashkil etadi.

Qayd etilishicha, 2023-yil 1-oktyabrdan «Umra» xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etildi. Baholash tizimi Turizm qo‘mitasining maxsus saytida e’lon qilib borilyapti.

Eslatib o‘tamiz, qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qo‘llaniladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring