Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Transafg‘on va «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy»temiryo‘llari qurilishi qachon boshlanishi ma’lum qilindi

Transafg‘on va «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy»temiryo‘llari qurilishi qachon boshlanishi ma’lum qilindi

Foto: Xabar.uz

Transport vaziri Ilhom Mahkamov «Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar» hamda «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temiryo‘llari qurilishi 2024-yilda boshlanishini bildirdi. Toshkentda o‘tayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning birinchi transport forumida qatnashayotgan vazir OAV vakillari bilan uchrashuvda bu ma’lumotni ochiqlagan.

Mahkamovning ta’kidlashicha, bu ikki loyiha bo‘yicha hamkor davlatlar bilan kelishuvlarga erishilgan, temiryo‘l qurilishi uchun barcha texnik va iqtisodiy asoslar tayyorlangan.

«Asosiy maqsadimiz – Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqish. Eng asosiy masala – Transafg‘on xalqaro koridorini rivojlantirish. 29-oktyabr kuni Afg‘onistonning Kobul shahrida bo‘lib o‘tgan ikki davlat o‘rtasida hukumatlararo yig‘ilishi doirasida mazkur koridordan foydalanishda yana qo‘shimcha qulayliklar, sharoitlar yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi va O‘zbekiston tashuvchilari ham Afg‘oniston hududidan bemalol o‘tib, Pokiston chegarasigacha yetib borishga sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi», deb aytgan Ilhom Mahkamov.

O‘zbekiston Transport vaziri «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temiryo‘li qurilishi bo‘yicha uch tomonlama texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilgani, hozir temiryo‘lni kim qurilishi bo‘yicha muzokara olib borilayotganini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, Transafg‘on temiryo‘li qurilishi ham, «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temiryo‘li qurilishi ham 2024-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring