«Toshkentda kuydirgi kasalligi aniqlandi» sarlavhali xabarga izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 18-avgust kuni «Yoshlar» telekanalining «Yangi davr» informatsion dasturida berilgan videolavha «Yunusobod tumanida o‘ta xavfli bo‘lgan kuydirgi kasalligi aniqlandi» sarlavhasi bilan tarqalmoqda. Bu esa internet foydalanuvchilari o‘rtasida vahima va xavotirlarni uyg‘otmoqda.
Sanepidxizmat Matbuot xizmati mazkur holatga munosabat bildirib, tarqatilayotgan ma’lumot asossiz ekani va xavotirlanishga o‘rin yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida joriy yilning 1-20-avgust kunlari «Kuydirgi kasalligini tabiiy o‘choqlaridan kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish» mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazish rejalashtirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolavha esa 16-avgust kuni mutasaddi tashkilotlar hamkorligida Uchtepa tumanidagi 26-sonli oilaviy poliklinikada o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan.
Ushbu o‘quv mashqida 81 nafardan ortiq soha mutaxassislari qatnashgan, ularga kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan eslatmalar tarqatilgan.
«Internet tarmoqlarida tarqatilgan videolavha ham ushbu taktik-o‘quv mashqi yuzasidan lavha namoyish etilgan. Lavhada soha mutaxassisi tomonidan berilgan intervyuda kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlari va shahardagi epidemik vaziyat yuzasidan ma’lumot berilgan.
Mazkur ma’lumot o‘quv-taktik mashg‘ulot uchun berilganligini, joriy yilda Toshkent shahrida kuydirgi kasalligi qayd etilmaganligini ma’lum qilamiz», – deyiladi Sanepidxizmat munosabatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter