Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tirikchilikning qusurli yo‘li – tilanchilik bolalar kelajagiga bolta uradi

Tirikchilikning qusurli yo‘li – tilanchilik bolalar kelajagiga bolta uradi

Turmushimiz tashvish, muammolarga to‘la. Asablarimiz chegaradan o‘tib ketgan. Sal narsaga chap ko‘kragimiz sanchadi. Shunday paytda bir og‘iz shirin kalom bo‘lsa, yoki kimgadir mehr ko‘rsata olsang... Shu top qayerdanam po‘tana sochli qizaloq kirchil qo‘llarini ochgancha, sadaqa so‘rab keldi.

«Pul bering!»

«Pulni nima qilasan?!» – so‘raymiz miyig‘ida kulib.

«Hu-uv, ana u yoqqa nanajon o‘tiribdi. Unga beraman», - deydi qizaloq biyrongina.

Beixtiyor qizaloq ko‘rsatgan yoqqa qaradik. Afsuski, bu «nanajon» bozorlarda har kuni odamlar ortidan sadaqa so‘rab, ular ortidan ergashib yuradigan lo‘limas. Millatdoshimiz. Sekin uning sari odimladik.  O‘ttiz yoshlardagi «nanajon» chamasi, bir yarim-ikki yasharli  bolasini bag‘riga mahkam bosgancha sadaqa so‘rab turardi.

«Erim o‘lgan. O‘zim bevaman. O‘g‘lim nogiron. Shunga majburman!» -dedi tilanchi.

Tuppa-tuzuk, to‘rt muchasi sog‘, ko‘zmunchoqdek bolaning nogironga o‘xshamasligi shubha uyg‘otdi. Ikkilanmay, fikrimizni bayon etdik.

«Senlarga nima?! Tili soqov, gung bolam, gung, bildilaringmi!» - dedi-da jovragancha bolasini sudragudek olib ketdi. Ayasining ta’biri bilan aytganda, «tili soqov va gung» bolakay «nanajon»lagancha g‘ingshinib onasiga ergashardi.

Yo‘q, aslida, bu ayol beva emas, balki eriga xiyonat qilgani bois, ikki bolasi bilan uydan quvilgan juvon ekan... O‘zini bechorahol ko‘rsatib, buning ustiga, sog‘lom bolasini nogironga chiqarib qo‘ygan ayolni oqlab bo‘larmidi?! Mehnat qilishga erinib, tekin daromad topishga o‘rganib qolgan nobop kimsalargina shunday ahvolga tushadi. Afsuski, jabrni bolalar tortishadi.

O‘zini go‘yo ko‘zi ojizga solgan keingi tilanchi ayol esa oldidan sadaqa bermay o‘tib ketgan yigit ortidan:

«He, uyingga o‘t tushsin, sadaqa bermagan qo‘llaring sinsin», -deya qarg‘andi.

Yigit esa alamdanmi, uyatdanmi, ortiga qaytib, tilanchiga sadaqa berib ketishiga to‘g‘ri keldi. 

Keyingi suhbatdoshimiz o‘zini «Losha»dan deb tanishtirdi.

«Opajon, o‘g‘lingiz kattagina ekan. Maktab yoshidaligi ko‘rinib turibdi», -deymiz.

«Manavinisiyam maktab yoshida, – ayol sal nariroqda odamlar ortidan yugurgilab yurgan qizini ko‘z qiri bilan ko‘rsatdi, - Uyam maktab boradi. Osonmi...maktabdayam o‘qitish?!»

«Axir, maktablar bizda pullikmas...»

«Be-ye, pullikmas, emish... Hali remont puli, hali boshqasi. Maktablarda remont puli olmayapti, «yig‘di-yig‘di»lar bo‘lmayapti, deganlarning hammasi yolg‘onlarning beshtasini yebdi. «Yopti-yopti» qilib yuborishyapti-da, senlar ham: «ha, ularniki to‘g‘ri, maktablarda pul terish yo‘q, ota-onalar noto‘g‘ri aytishyapti ekan!» deb yozib  qutilib qo‘yaqolasanlar. Qani, yig‘may ko‘rishsin-chi... Kiyim-kechaklari, kitobi, degandek.., -asabiylashdi ayol, – yana bir katta qizim bor, uyda. O‘tgan yil sport kiyimi yo‘qligi uchun jismoniy tarbiya o‘qituvchisi sinfdoshlari oldida rosa izza qildirgan. Ayrim o‘qituvchilar bolaning shart-sharoiti bilan hisoblashmasa, kamsitsa, bolaning maktabga borgisi kelarmidi?!»

O‘ylanib qolamiz: «olish-yig‘ish»lar ayrim maktablarda uchraydigan hol. Ko‘z yumib o‘tolmaymiz. Ta’lim mutasaddilari bu masalaga jiddiy yondoshadilar, degan umiddamiz.

«Pul topishning mehnatga asoslangan tomoni ham bor-ku, opajon», -deymiz yana unga yuzlanib.

«E-e, shu payt o‘zim qayerda ishlay, deb turibman, maslahatingizga zormasmiz!» - asablari taranglashgan ayol qo‘pollashgancha o‘rnidan turib ketib, bizdan uzoqlashdi.

Ha, hayot har doim ham biz o‘ylagandek tekis va ravon emas. Aslida, tilanchilik - mehnatdan qochib, tayyor va tekin daromad «maza»sini olgan luqma egalarining «kasbi». Farzandlari uchun kimdir birovning bog‘-rog‘iga, supa-suprasiga qarab, ulushini olsa, ayb emas. Bolalarini peshona teri evaziga topilgan rizq bilan boqqan odam tilanchilik qilib, kun kechirgan odamdan afzal. Holbuki, bobolarimiz, momolarimiz o‘ndan ortiq farzandlari bo‘la turib, hatto, qo‘shnidan qarz olishni ham or, deb bilganlar. Andishani ustun qo‘yishgan.

«Farzandlarim non-oshimizdan xabar olishmagach, nima qilay, qizim?! Cholim uyda betob yotibdi...»-bizdan xijolatomuz yig‘lagudek bo‘lib titrab so‘zlaydi bir onaxon.

«Onam bilan ijara uyda yashayman. Tog‘amlar yordamlashmaydi. Men esa onamga yordam bo‘lsin uchun asosan chorrahalarda, svetoforlar oldida turaman. Mashinalar to‘xtaganda, haydovchilardan pul so‘rayman»,-deydi 14 yoshli Nodirjon.

«Ota-onam vafot etgach, akalarim o‘z ishi bilan ovora. Yangalarim hovliga sig‘ishtirmadi. Ikki yil avval, 17 yoshda avval dugonamning uyida, keyinchalik yoshi keksaroq kishining uyida yashadim. Otaxon ham to‘shakda mixlangan. Terimda oq dog‘lar borligi uchun biror ishga olishmaydi. O‘zimni va ijara uyimning egasini boqish uchun tilanchilik qilishga majburman»,-deydi Durdona ismli qiz.

Masalaning ikkinchi tomoniga qarasak, ko‘ksimiz beixtiyor sanchadi. O‘z singlisi yo opasi shu holga tushib qolganini ko‘rib turib, indamayotgan og‘alar, qani ular ko‘ksidagi g‘urur, qani mehru-oqibat?! U qanday og‘a-iniki opa-singlisini sadaqaga muhtoj etsa?! U qanday farzandki, betob yotgan choliga dori-darmon olish uchun tilanchilikda munkaygan mushtipar onasini bu yo‘ldan qaytarishga kuch topmasa?! Yoki ayrim mahalla, mahalladoshlar-chi?! Ular kimga, nimaga qarashayapti?! Ba’zan eshitib qolamiz, hayotda uchratamiz, falonchi osmono‘par imorat qilib, eng zamonaviy rusumdagi avtomashina sotib olibdi. Yon qo‘shningiz nimagadir zor bo‘lsayu, siz ularga mashinada loy sachratib o‘tsangiz, darvozangiz ortida kim borligini bilmasangiz...

Xo‘sh, ayrim maktab rahbarlari-chi?! Ular nahotki, o‘z o‘quvchilarining tilanchilik, daydilik qilib yurganlaridan bexabar bo‘lishsa?!

Buxoro shahridagi Markaziy bozorda har kuni bir nogiron bolaning aravachada g‘ingshinib turganiga guvoh bo‘lamiz. Uning yura olmasligi chin. Yetmagandek kun issig‘ida yaproqdek titrab-titrab borayotgan bolani ko‘rganingizda qalbingizni iztirob kemiradi. O‘z farzandini azoblarga giriftor etib, uning nogironligidan manfaat ko‘zlagan ota-onani kim, deb atash mumkin?!

Aniqlanishicha, bolaga nogironlik nafaqasi beriladi. Mahalla-ko‘y ham qarashib turarkan. Biroq, jismoniy mehnatdan qochgan ayrim ota-onalarning yalqovligi bois, nogiron bolani tilanchilar qatorida qo‘yishgan.

«Yaqinda ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari hodimlari hamda shahar IIB hamkorligida reyd o‘tkazdik. Buxoro viloyatida jamoat tartibini saqlash, havfsizlikni ta’minlash hamda qonunga xilof ravishda tilanchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga qarshi kurashish borasida hamkorlikda amalga oshiriladigan profilaktik chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qo‘shma qarori qabul qilingan bo‘lib,  qo‘shma qaror doirasida bir qator amaliy ishlar bajarildi. Bozorlarda, ko‘cha-ko‘ylarda daydilik, tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan o‘smirlar ro‘yxatga olindi. Jumladan, viloyat miqyosida tilanchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 51 nafar yoshi katta shaxslarning ro‘yxatlari xududlar va mahallalar kesimida shakllantirildi. Asosan, Buxoro shahridagi Markaziy Dexqon bozori, Karvon bozori, «Sitora» avtobozori, Samoniylar istirohat bog‘i, Yoshlar bog‘i, viloyat Perinatal markazi, Buxoro kinoteatri, Fatxobod to‘yxonasi, Yuridik kollej chorrahalarida, qator svetofor atroflarida tilanchilik qilib yurish holatlari ko‘proq uchraydi. Joriy yilning mos davriga qadar viloyat bo‘yicha 67 nafar voyaga yetmaganlar tomonidan tilanchilik sodir etilgani qayd qilindi. Ularning barchasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilib, ota-onalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik), 1-qismiga asosan, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bolalar taqdiriga, ularni tirikchilikning eng qusurli yo‘li - tilanchilikka undayotganlarga nisbatan befarq bo‘lmasligimiz kerak. Zero, tilanchilik bolalar kelajagiga bolta uradi»,-dedi viloyat IIB JXX HPB  bo‘linma boshlig‘i, kapitan Farrux Hotamov.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘smirlar tartib muassasalariga olib kelinib, ular bilan suhbatlashilgan, aksariyati nosog‘lom muhitda o‘sayotgani, ota-onasining xorijga ishga ketganligi bois, bobosi yoki buvisining qistovi bilan tilanchilik qilayotgani aniqlangan. Viloyat hududida yashovchi 3105 nafar voyaga yetmaganlarning ota-onalari turli maqsadlarda chet ellarga ketgani sababli ular nazoratsiz qolgan. Har birining yashash sharoiti o‘rganilib, ularning 1235 nafariga vasiy tayinlangan.

118 nafar lo‘li millatiga mansub shaxslar, 21 nafarini keksa yoshdagi nogironligi bo‘lgan o‘zbek fuqarolari yo‘l chekkalarida nogironlik aravachalarida tilanchilik bilan shug‘ullanmasliklari to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan.

«Bulardan tashqari, o‘tkazilgan reydlar davomida 227 nafar daydi o‘smir tilanchilikda gumon qilinib, 1-sonli IIBga 71 nafari, 2-sonli IIBga 62 nafari, 3-sonli IIBga 67 nafari, va 4-sonli IIBga 27 nafari keltirib topshirilgan. 3 nafar daydi tilanchilarga nisbatan qonunda ko‘zda tutilgan javobgarlik masalasini hal qilish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun hududiy sud idoralariga yuborilgan»,-deya so‘zida davom etdi Farrux Hotamov.

Tilanchilik bolani avvaliga mayda bezorilikka, keyinchalik jinoyatga boshlamasligiga kim kafolat bera oladi?! Nima bo‘lganda ham sadaqa so‘rash, rizq tilanish millatimizga xos emas. G‘urur, halol mehnat va mehru-saxovat o‘zbekka xos odat. Buni qalblarimizga jo aylaylik. Toki, yo‘llarimizni issig‘u sovuq, demay ko‘zlarini jovdirab turgan bolalar, sadaqaga qo‘l cho‘zgan onalar emas, shodliklarga to‘lgan sog‘lom bolajonlar, ularning baxtidan entikib, qo‘llarini duoga ochgan onalar to‘ldirsin. Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona, degan naqlga barchamiz teng amal qilaylik.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring