«Tashkent Book Fest» xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi
Bugun O‘zekspomarkazda O‘zbekistonda ilk bor “Tashkent Book Fest” xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi.
Xalqaro ko‘rgazma-yarmarka ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul vakillari, O‘zbekistondagi elchixona va xorijiy kompaniyalar vakolatxonalari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ul vakillari, ijodkorlar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov so‘zga chiqdi va barchani ilk Xalqaro kitob ko‘rgazmasi bilan qutladi.
— Mazkur xalqaro ko‘rgazma-yarmarka nafaqat kitoblar namoyishi, balki soha xodimlari va ishtirokchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, yangi texnika va texnologiyalarni, yangicha yondashuvlarni joriy etishda yana bir muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman, — dedi Komil Allamjonov.
Shundan so‘ng Qozog‘iston madaniyat va sport vazirligi til siyosati qo‘mitasi raisi Galimjan Meldeshov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar so‘zga chiqib, ko‘rgazma ishtirokchilariga omad tiladi.
Ko‘rgazma yarmarkaning birinchi kunida «O‘tkan kunlar» audio-romani hamda bir qator o‘zbek adiblarining asarlari taqdimoti, intelektual o‘yinlar, mushoiralar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter