«Sud nazorati instituti»: yangilanayotgan Konstitutsiyadagi bu tushuncha nimani anglatadi?
Konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini mustahkamlashdan iborat. Ushbu jihatdan jinoyat protsessi ishtirokchilarining protsessual huquqlarini ta’minlash masalalari alohida dolzarbdir. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 27-moddasida hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Shu bilan birga, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.
Ushbu qoidalar sud nazoratining alohida turi bo‘lgan “Xabeas korpus” institutiga tegishli. “Xabeas korpus” - maxsus qonunchilik hujjati bo‘lib, 1679-yil 26-mayda Angliya parlamenti tomonidan qabul qilingan. Ushbu hujjatga ko‘ra, qo‘riqchilar, qamoqxonalar yoki shaxsni ushlash yoki hibsga olishda ishtirok etgan boshqa shaxslar ushlashga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun ushlangan shaxsni lordga yoki sudyaga olib kelishlari kerak yedi. Ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchini ushlab turish tartibi ustidan sud nazoratini o‘rnatish jinoyat protsessida shaxsning huquqlarini himoya qilishda katta ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda “Xabeas korpus” instituti 2008-yildan boshlab, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokuraturadan sudlarga o‘tkazilgandan beri joriy etilgan. Keyingi yillarda tergov ustidan sud nazoratining ushbu shakli protsessual majburlash choralariga va shaxsning daxlsizligi bilan bog‘liq bir qator tergov harakatlariga ruxsat berish huquqini berish orqali asta-sekin kengaytirildi.
Bugungi kunga kelib, sud tomonidan ruxsat beriladigan protsessual majburlov va tergov harakatlarining soni 10 turga yetdi. Bularga quyidagilar kiradi: qamoqqa olish, lavozimidan chetlashtirish, tibbiy muassasaga joylashtirish, amnistiya aktini qo‘llash, uy qamog‘i, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, murdani eksgumatsiya qilish. Shu bilan birga, sud nazorati instituti doimiy ravishda rivojlanib bormoqda va hozirda uning qamrovini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, tintuv o‘tkazish, telefonlar orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, mol-mulkni xatlash vakolatini sudlarga berish rejalashtirilmoqda.
Xalqaro tajribaga e’tibor qaratsak, sud nazorati instituti Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 9-moddasida mustahkamlangan. Ushbu moddaga muvofiq jinoiy ayblov bo‘yicha hibsga olingan yoki ushlab turilgan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun bo‘yicha sud hokimiyatini amalga oshirish huquqi bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va oqilona muddatda sud muhokamasi o‘tkazilishi yoki ozod qilib yuborilishi huquqiga ega. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 9-moddasida hech kim asossiz qamalishi, ushlanishi yoki quvg‘in qilinishi mumkin emasligi qayd etilgan.
Sud nazorati instituti AQSh, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Portugaliya va boshqa mamlakatlar Konstitutsiyasi normalarida aks etgan. Shu bilan birga, bir qator davlatlarda qabul qilingan qarorning xolisligini ta’minlash uchun jinoyat ishini tergov qilish ustidan sud nazoratini amalga oshiradigan, tergov harakatlari va ehtiyot choralariga ruxsat beruvchi maxsus tergov sudyasi lavozimi mavjud. Mazkur lavozim Germaniya, Avstriya, Italiya, Belgiya, Gollandiya, Latviya, Litva, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarda joriy etilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida sud nazorati instituti katta ahamiyatga ega. Mazkur tamoyilning joriy etilishi jarayon ishtirokchilarining huquqlari amalga oshirilishini ta’minlaydi, ularni mansabdor shaxslar va jinoiy ta’qib qilish funksiyasini bajaradigan organlarning noqonuniy harakatlaridan himoya qiladi. Sud nazorati institutining kengayishi jinoyat protsessida shaxs huquqlarini himoya qilishning umume’tirof etilgan xalqaro standartlarini joriy etish imkonini beradi.
Lyudmila Yugay,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Shoxjahon Xo‘jayev,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter