Sobiq «Qo‘qonspirt» ham sobiq vazirning o‘g‘liga sotildi
2000-yildan 2020-yilgacha «Qo‘qonspirt» ochiq aksiyadorlik jamiyati nomi ostida faoliyat yuritib kelgan «Qo‘qon biokimyo» AJ ustav kapitalidagi 99,7 foiz davlat aksiyalar paketi 277 mlrd. so‘mga «First Premium Alliance» MChJga sotildi.
Davaktiv agentligiga ko‘ra, korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.
Tender savdolarida esa sotib olish bo‘yicha qiziqish to‘g‘risidagi 4 ta arizalar kelib tushgan. Kelib tushgan takliflar orasida kelajakda jamiyat faoliyatini barqaror rivojlanishini ta’minlay oladigan va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjirini to‘liq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli bo‘lgan «First Premium Alliance» MChJ qo‘yilgan talablarga to‘liq javob bergan.
Davaktiv agentligi, shuningdek, kompaniya ta’sischilari Toshkent shahrida alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik zavodga ega ekanligi hamda Kompaniyaning Respublikada va MDH mamlakatlarida yirik distribyutorlik tarmoqlari mavjudligi tender savdolarida e’tiborga olinganini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, «First Premium Alliance» MChJ alkogol mahsulotlarini ulgurji va chakana sotishga ixtisoslashgan kompaniya hisoblanib, mazkur kompaniyaning yagona ta’sischisi Kamilov Daniyar Abdulazizovichdir.
Daniyar Kamilov esa O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li bo‘ladi. U bir paytlar Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi manzilida joylashgan DXXning sobiq binosi – «Markaziy bino»ni 210 mlrd so‘mga sotib olgani bilan ham OAV va jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter