Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Jo‘rayev nega «qora ro‘yxat»ga tushgan edi?

Sherali Jo‘rayev nega «qora ro‘yxat»ga tushgan edi?

O‘zbek san’ati og‘ir judolikka uchradi: kecha, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 77 yoshida vafot etdi. Hofizning o‘limi munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati hamdardlik bildirdi.

Mamlakatimiz ziyolilari ham ijtimoiy tarmoqlar orqali marhum san’atkorni iliq xotiralar bilan yodga olmoqda.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Sherali Jo‘rayevni o‘zbek san’atining sarboni», «qo‘shiqchilik san’atimizning eng yorqin yulduzi» deb ta’riflagan. «U  nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqamizdagi eng zabardast san’atkor sifatida e’tirof etilgan. O‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atiga hayotini baxshida etgan hofizning favqulodda noyob ovozi, ijro etgan har bir qo‘shig‘i har bir xonadonga, har bir yurakka kirib borgan, qalblarni zabt etgan edi. San’atkorimizning o‘zbek tili va adabiyoti, san’atiga bo‘lgan mehri va sadoqati har bir ijrosida zohir edi», – deydi O.Nazarbekov.

Iqtisodchi, AQShdagi Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov marhum hofizni «mustaqilligimiz va davlatchiligimizning muhim ustunlaridan» deb atagan.

«Biz o‘zbeklar uchun Sherali Jo‘rayevning san’ati, mamlakatimizning ajralmas ramzlari, bayroq, gerb, madhiya va osh-palov ustida yig‘ilishdek tabiiy va ajralmas bo‘lib qolgan. Vafotlarini eshitib o‘ylanib qoldim, balki shuning uchun ham uni bir paytlar taqiq qilishgan edi – juda katta odam bo‘lgani uchun. Katta odamlarni kichik odamlar chiqishtirmaydi», – deb yozadi B.Hoshimov.

Unga ko‘ra, o‘zbek jamiyati uchun Abdulla Qodiriy yoki Muhammad Yusuf qanchalik muhim bo‘lgan bo‘lsa, Sherali Jo‘rayev ham shunchalar muhim.

«Buyuk san’at arboblarining bir xususiyati borki, ular qachon hayotimizga kirib kelganini bilmay yashaymiz. Ular bilan zamondosh bo‘lib qolsak ham, ularni xuddi voqelikning bir qismi sifatida qabul qilamiz, ular xuddi havodek hayotimiz va jamiyatimizning ajralmas bir qismi bo‘lib qolishadi», – deya xulosa qiladi iqtisodchi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarida o‘zbek etnopsixologiyasiga xos fundamental qarashlar, xususiyatlar, g‘am-g‘ussa, armon va orzular juda kuchli ifodalangan.

K.Rabbimov ham hofizning ijodi va shaxsiyati bir paytlar «qora ro‘yxat»da bo‘lganiga e’tibor qaratgan.

«Sherali Jo‘rayev 90-yillarning o‘rtalarida «zapret»ga tushgandi. Agar e’tibor bersangiz, u eng sermahsul davrida katta konsertlar bermadi, u uchun «Xalqlar do‘stligi», «Turkiston» yoki boshqa san’at qasrlarining eshiklari doim yopiq edi.

(Islom) Karimovning xarakteri juda og‘ir edi. U kimnidir yomon ko‘rib qolsa, boshqa kechirmasdi, kek saqlab yuraverardi. Lekin, eshitishimcha, Karimov ham Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rgan. Shunday bo‘lsa-da, uni to‘liq kechirmagan va sahnaga qaytarmagan», – deydi siyosatshunos.

«O‘zbek ma’naviy olamining ulkan bir chinori quladi! Endi Sherali JO‘RAYeV kabi hodisa qachon takrorlanadi, bilmaymiz...» – deb yozdi shoir Shodmonqul Salom.

Publitsist va shoir Alisher Nazar ham bunday sohir ovoz egasi yana chiqishiga shubha bildiradi.

«So‘nggi 20 yil ichida o‘zbek adabiyoti va san’atining chinakkam ShERlari ketdi. Yildan-yilga adabiy sahnalar g‘arib bo‘lib bormoqda. Bugun yana bir daho ketibdi! Sherali Jo‘rayev o‘zbek san’atining piri edi. San’atimiz tarixida Sherali Jo‘revdek xalq ichiga singib ketgan san’atkor bo‘lmasa kerak. Bunaqa sehrli ovoz yana kelarmikan? Allohim, O‘zing mehribonlik qil!» – deydi A.Nazar.

Jurnalist Abror Zohidov mahzun kayfiyatini «O‘zbek san’ati yetim boladek bo‘zlab, huvillab qoldi men uchun...» degan qisqa satrda ifodaladi.

«Endi u yangi qo‘shiq kuylamaydi… Endi «Birinchi muhabbatim» jonli yangramaydi. To‘ylarda hech kim birovning yelkasiga qo‘l tashlab «Do‘st bo‘lsang, yonimda tur» demaydi… Endi hammasi yozuvlarda, xotiralarda qoldi… Epoxa tugadi. Bir davr tugadi. Biz Sherali Jo‘rayev bilan zamondosh avlod bo‘lib tarixga kirsak kerak…» – deya mulohazalari bilan bo‘lishdi bloger Shahnoza Soatova.

Jurnalist  Sharofiddin To‘laganovning ta’kidicha, atoqli hofiz O‘zbekiston Qahramoni unvoniga munosib san’atkor edi.

O‘tgan yili Sherali Jo‘rayev ijodidan sara namunalar va turli maqolalar jamlangan «Bir qo‘shiq kuylayki...» kitobi chop etilgan edi.

«Oshiq edilar. Allohning oshig‘i edilar. Kechikib e’zozlarga, unvonlarga erishgan bo‘lsalar ham, namozga, ibodatga kechikmagan edilar. Xizmat chog‘ida namoz vaqti bo‘lib qolsa, shart ashulani to‘xtatib ibodatni ado etib kelganlariga ko‘p guvoh bo‘ldik, ibrat oldik. Shunday caboq beruvchilardan edilar...» – deya marhumning ibratli xislatini yodga oldi «Bir qo‘shiq kuylayki...» kitobini nashrga tayyorlagan ijodkor Maqsud Jonixonov.

Taniqli jurnalist Nosirjon Erkaboyev Sherali  Jo‘rayevning yaratgan qo‘shiqlari o‘zbek millati bor ekan o‘lmasligini yozdi.

«Bu ulug‘ hofizning qo‘shiqlarini qachondan beri yaxshi ko‘rib eshitishim, qachon muxlis bo‘lganimni eslay olmayman. Menimcha esimni taniganimdan beri, ya’ni 3-4 yoshlarimdan beri bo‘lsa kerak. Demak, 50 yil bo‘libdi, yarim asr. Shu yillar ichida uning qo‘shiqlarini tinglamagan kunim bo‘lmasa kerak.

Bolaligimda ko‘chamizda o‘zim tengi bolalar bilan har kuni futbol, bekinmachoq, quvlashmachoq o‘ynardik. O‘yinga to‘ymaydigan paytlarimiz edi. Shunday berilib o‘ynayotgan paytimizda enam rahmatli (bizda katta enani, otaning onasini ena deyishadi) - Nosir bolam tez kel, Sheraling aytyapti, Sheraling – deb chaqirib qolardi. Men o‘yinni tashlab uyga chopardim. Xovlimizdagi ayvonning ustuniga radio osib qo‘yilgan bo‘lib, erta tongdan kechgacha yangrab turardi. Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini birga aytardim, qo‘limdan kelganicha albatta. So‘ng yana o‘sha qo‘shiqni hirgoyi qilib ko‘chaga chopardim.

Shundan beri yarim asr o‘tibdi. Shu yillar davomida bu hofizga, uning qo‘shiqlariga bo‘lgan muhabbatim ortib bordi. Buni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.

Alloh bu hofizni ko‘rishni, uning qo‘shiqlarini yonlarida turib eshitishni ko‘p bor nasib qildi. Konsertiga tushdim, to‘ylarda ko‘rdim. Xulosam shuki bunday hofiz boshqa yo‘q, bu dunyoga boshqa kelmaydi.

Uning muxlislari ham o‘ziga o‘xshardi. Sherali Jo‘rayev san’atga, yurtiga, xalqiga qanchalik qattiq mehr bergan bo‘lsa, muxlislari Sherali Jo‘rayevga, uning qo‘shiqlariga shunchalik qattiq mehr bergan edi. U haqida ozgina yomon gapirganni urishga tayyor turishardi. Bunga bir necha bor guvoh bo‘lganman.

Pochcham (ammamning eri) to‘qsonga yaqinlashib olamdan o‘tdi. Bir umr Sherali Jo‘rayevga muxlis bo‘ldi. Ekranlarda ko‘rinmay, radio to‘lqinlarida qo‘shiqlari yangramay qolgan paytlar edi. Toshkentda tog‘am rahmatli to‘y qildi. To‘yga kelgan hofizni ko‘rib, ko‘zlariga yosh kelib, bag‘riga bosib – Hidingdan akang, isingdan akang, nega ko‘rinmay ketding – deb yig‘lagani hali ham ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Bunday muxlislar faqat Sherali Jo‘rayevda bor edi desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

«O‘zbegim», «Ko‘rmisham», «Tushimda ko‘rsam edi», «Inson o‘zing», «Achchiq haqiqat», «Birinchi muhabbatim», «Onaginam», «Navro‘zi ajam», «El bilsa bo‘ldi», «Avvalgilarga o‘xshamas», «Bandaman», «Asta-asta», «Ona Turkiston», «Kuydim» .... Bu kabi qo‘shiqlarning ro‘yxatini davom ettirish mumkin.

Xullas shunday o‘lmas qo‘shiqlar ijrochisi, takrorlanmas san’atkor, O‘zbekiston, Tojikiston xalq artisti, Navoiy nomidagi xalqaro mukofot sohibi Sherali Jo‘rayev olamdan o‘tdi. Ammo uning minglab yaratgan qo‘shiqlari o‘zbek degan millat bor ekan o‘lmaydi, yangrayveradiBuyuk hofizimizni Alloh rahmat qilsin. Joylari jannatda bo‘lsin», –deya yozgan jurnalist Nosirjon Erkaboyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring