Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Ozarbayjon yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, yil boshidan tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi. Turli yo‘nalishlarda, shu jumladan energetika sohasida, avtomobillar ishlab chiqarishni kengaytirish, paxta-to‘qimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil etish, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma investitsiya fondi tashkil etilmoqda.

Davlat rahbarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo shartnomalari va uzoq muddatli investitsiya bitimlarining portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi hamkorlik loyihalarining amalga oshirilishini tezlashtirish choralarini kelishish uchun Boku shahrida bo‘lib turgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring