Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxati keskin qisqartiriladi

Prezident sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘m, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.
Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Masalan:
- oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanepidqo‘m shug‘ullanadi;
- oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
- qo‘mita asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalarini xalqaro talablarga – Kodeks Alimentariusga muvofiqlashtiradi.
Boshqa tizimlar ham xuddi shu tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.
Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida mamlakatda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.
«Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan», - dedi prezident.
Mutasaddilarga «Bozor nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Umuman, sinov va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat bo‘lishi, xizmat narxi tushishi ko‘rsatib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter