Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelidagi portlashda ko‘rilgan zarar miqdori rasman e’lon qilindi

Sergelidagi portlashda ko‘rilgan zarar miqdori rasman e’lon qilindi

Hukumat komissiyasining Toshkent shahridagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash natijasida ko‘rilgan talofatni bartaraf etish hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga doir axboroti e’lon qilindi.

Qayd etilishcha, poytaxtning Sergeli tumanida joylashgan «Interlogistics» MChJ hududidagi omborxonada sodir bo‘lgan yong‘in va portlash oqibatida jami 163 nafar kishi jabrlangan. Ularning 150 nafari yengil va 13 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro vafot etgan.

Jarohat olganlarning 24 nafari shifoxonaga yotqizilib, ularga tegishli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Qolgan 138 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Hozirda jarohatlangan barcha fuqarolarning salomatligi tiklanib, uyiga ruxsat berilgan.

Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1 370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Favqulodda vaziyat natijasida hududdagi 305-son umumta’lim maktabi (1 250 o‘rinli) va 600-son bog‘chaning (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismiga zarar yetgan.

Hozirda ushbu ob’yektlarga pudrat tashkiloti biriktirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq IIV Tergov departamenti tomonidan mazkur holat ortidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda jinoiy ish doirasida 4 kishi qamoqqa olinib, yana bir kishiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgani aytilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring