Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada qarovsiz qoldirilgan o‘zbekistonlik qizaloq Vatanga qaytarildi

Rossiyada qarovsiz qoldirilgan o‘zbekistonlik qizaloq Vatanga qaytarildi

Bugun, 19-noyabr kuni IIV va TIV xodimlari ko‘magida Toshkentga Rossiyadan 13 yoshli qizaloq olib kelindi.

Ma’lum bo‘lishicha, qiz 6 yoshida onasi bilan birga Rossiya Federatsiyasiga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan. Qiz va uning onasi yillar davomida turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Onasining hayoti yangi joyda o‘nglanmagani sababli na uy-joy, na doimiy ish topilgan. Eng achinarlisi – qiz shu vaqtgacha maktab ta’limiga jalb qilinmagan.

Bu holat natijasida qiz uzoq vaqt davomida nazoratsiz qolgan va mahalliy politsiya reydi davomida reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.

19-noyabr kuni xalqaro kelishuvlar asosida, Moskva viloyati Sergiyev Posaddagi «Nadejda» ijtimoiy markazi xodimlari kuzatuvida, tungi reys orqali qiz O‘zbekistonga qaytarildi.

«Qizning qaytarilishidan oldin, Agentlik hududiy boshqarmasi uning xavfsizligi va farovonligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rdi. Qizchani vaqtincha qabul qilib oladigan va uni ta’limga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadigan  oila tayyorlandi. Bu oila qizaloq onasi bilan qayta ko‘rishgungacha unga g‘amxo‘rlik qiladi», – deyiladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabarida.

Agentlik, shuningdek, xorijdagi ota-onasiz qolgan yoki qiyinchiliklarga duch kelgan bolalarni vatanga qaytarish va ularga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha faoliyati davom etayotganini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring