Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qur’onning o‘zbek tilidagi yettinchi ma’nolari tarjimasi chop etildi

Qur’onning o‘zbek tilidagi yettinchi ma’nolari tarjimasi chop etildi

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Qur’oni karimning o‘zbek tilidagi yangi ma’nolar tarjimasini chop etdi.

«Anvorul-Qur’on: «Fayzul-Furqon» – o‘zbek tilidagi yettinchi to‘liq tarjimadir. «Fayzul-Furqon» tarjimasi nashriga ancha oldin, ya’ni chorak asr ruxsat berilgan bo‘lsa-da, mohir tarjimon Mirzo Kenjabek tarjimani tobora takomillashtirish maqsadida uni ko‘p nusxada chop etishga shoshilmagan. Tarjimonning yozishicha, ushbu tarjima 2009 yil 19 mart kuni nihoyasiga yetgan, so‘nggi tahriri esa 2021 yil 6 aprelda tugallangan», – deb yozdi akademik Akmal Saidov «Jadid» gazetasining joriy yil 46-sonida chop etilgan maqolasida.

Qayd etilishicha, hozirga qadar Qur’oni karimning o‘zbek tiliga ma’nolar tarjimasi to‘liq holda quyidagi mualliflar tomonidan amalga oshirilgan:

  1. Sayyid Mahmud Taroziy – Oltinxon To‘ra (1994);
  2. Shayx Hoji Muhammadjon Mavlaviy Hindistoniy-Qo‘qandiy – «Bayonul Furqon fi tarjimatul Qur’on»;
  3. Shayx Alouddin Mansur – «Qur’oni karim. O‘zbekcha izohli tarjima» (1992);
  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf – «Tafsiri hilol» (1991);
  5. Shayx Abdulaziz Mansur – «Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri» (2001);
  6. Shayx Usmonxon Alimov – «Tafsiri irfon».

Mohir mutarjim Mirzo Kenjabek tomonidan amalga oshirilgan yettinchi tarjimaga mufassir, hofizi Qur’on, o‘n qiroat bo‘yicha ijoza sohibi Hasan Tahsinning tarjimasi, ta’vil, izoh va sharhlari asos qilib olingan.

Akademik A.Saidovning yozishicha, Qur’onning dunyodagi turli tillarga tarjima qilinishi buyuk madaniy-ma’rifiy hodisadir. Hozirga qadar Kalomulloh 250 dan ortiq tilga ko‘p marotaba, takror-takror tarjima qilingan. Jumladan, ingliz tilida 120 ga yaqin, fransuz tilida 120 dan ortiq, rus tilida 20 dan ortiq, lotin, ispan, nemis va boshqa tillarda ham ko‘plab tarjimalar mavjud.

Muqaddas Kalomning ma’nolar tarjimasi turkiy tillar, jumladan, turk, tatar, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turkman hamda fors tillarida ham nashr qilingan. Umuman, turkiy tillardagi tarjima va tafsirlari adadi ikki yuzdan oshadi.

Otashin shoir va mohir adib, zukko tarjimon va qalami o‘tkir publitsist Mirzo Kenjabek hozirga qadar Imom Termiziyning «Sunani Termiziy», «Ash-Shamoili al-Muhammadiyya», Muhammad Zohid Qo‘tquning «Ahli sunnat val-jamoat aqoidi», Shayx Mavlono Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning «Jomi’ ul-mutun», Abul-Futuh Shayx Ahmad G‘azzoliyning «Bahrul mahabba», Mahmud As’ad Jo‘shonning «Haqiqiy sevgi», «Tasavvuf va go‘zallik», «Murshidi komil hikmatlari», Qutbiddin Iznikiyning «Murshidi mutaahhiliyn», Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiyning «Risolai sujudi sahv» kabi ilmiy-ma’rifiy va hadis kitoblarini ona tilimizga tarjima qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring