Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazm va Buxoroda qadimiy tangalarni O‘zbekistondan olib chiqishga urinish fosh qilindi

Xorazm va Buxoroda qadimiy tangalarni O‘zbekistondan olib chiqishga urinish fosh qilindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi 

“Urganch” xalqaro aeroportidan xorijga uchib ketayotgan O‘zbekiston fuqarosining qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda 50 dona 1898-1963 yillarda va XV asrda Buxoro va Samarqandda zarb etilgan misdan yasalgan qadimiy tanga topilgan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi 

Holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining qaroriga asosan davlat egaligiga o‘tkazilgan. Yo‘lovchidan olib qo‘yilgan qadimiy tangalar esa “Xiva Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasiga topshirilgan.

Xuddi shunday holat Buxoro aeroportida ham aniqlandi. Moskvaga uchayotgan yo‘lovchi zarb etilganiga 50 yildan oshgan 96 dona tangani olib chiqmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolingan.

Foto: Buxoro viloyat bojxona boshqamasi

“Buxoro-Vnukovo” aviareysi xorijiy davlatga uchib ketishni rejalashtirgan fuqaro aeroportda bojxona nazoratidan  o‘tayotganda uning yonida hujjatlarda ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilmagan 96 dona tarixiy tanga borligi aniqlandi.

“Hozirda mazkur numizmatika buyumlarining qadimiylik darajasini aniqlash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan badiiy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi rasmiy viloyat bojxona boshqarmasining xabarida.

Eslatib o‘tamiz, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonunga asosan zarb etilganligiga 50 yildan oshgan numizmatika buyumlarini mamlakatimiz hududidan olib chiqib ketish taqiqlanadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring