Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Sergelida zamonaviy industrial texnopark qurish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Prezident Sergelida zamonaviy industrial texnopark qurish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni 2019 yilda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga oid ma’lumotlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 21 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizga yirik biznes vakillari va salohiyatli investorlarni jalb qilish, shaharda eng qulay investitsiya muhitini yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. 

Shunga muvofiq, joriy yil 4 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, 2019 yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 2 milliard 700 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish, buning evaziga 273 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. 

Taqdimotda mazkur loyihalarning sohalari va joylari, mablag‘larni o‘zlashtirish muddatlari tahlil qilindi.

Masalan, metallurgiya, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish, farmatsevtika, neft-kimyo va boshqa sanoat tarmoqlarida jami 115 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 103 ta, turar joylar yo‘nalishida 55 ta loyiha rejalashtirilgan. Bu 37 minga yaqin ish o‘rni yaratish va aholining maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash imkonini beradi.

Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Xorijiy investorlarga ko‘maklashish, loyihalarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«Investitsiya bo‘lmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Investorlarga muhit, infratuzilma yaratsak, ish joyi bo‘ladi, mahsulot ko‘payadi, soliq tushadi. Korxonalarning o‘z mablag‘ini yana aylantirib, faoliyatini rivojlantirishga rag‘batlantirish kerak»,-dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Davlatimiz rahbari 8 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarning asosiy qismini o‘zlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qo‘yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, to‘qqiz oylikda 70 foizga yetkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida ham joriy yilgi investitsiyalarning 70 foizini I-III choraklarda o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Har bir loyihaning bosqichlari, mas’ullari va muddatlari aniq belgilangan. 

Taqdimotda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni monitoring va nazorat qilish mexanizmi haqida ham so‘zlab berildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasi boshchiligida poytaxtimizning har bir tumanida ishchi guruhlar tuzilgan. Investorlarga yer ajratilishidan boshlab, loyiha foydalanishga topshirilguncha bo‘lgan barcha bosqichlardagi chora-tadbirlar aniq belgilab qo‘yilgan. Bu loyihalarni rasmiylashtirish va amalga oshirish jarayonida shaffoflikni, halollikni ta’minlaydi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydi.

Shavkat Mirziyoyev loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish, korxonalar ishga tushgandan keyin ham ularning samarali faoliyat ko‘rsatishiga yordam berish zarurligini ta’kidladi. 

Toshkent iqtisodiyotiga doir yana bir yangilik – Sergeli tumanida 100 gektardan ziyod hududda Yevropa standartlari bo‘yicha zamonaviy industrial texnoparkni ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning investorlar uchun qulayligi shundaki, barcha bino-inshootlar to‘liq tayyor holda topshirilib, zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi.

Bugungi kunda texnoparkni loyihalash ishlari boshlab yuborilgan, hozirdanoq 85 foiz yer tadbirkorlarga ajratib berilgan. Bu yerda 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Mutasaddilarga texnoparkni tezroq ishga tushirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Toshkent shahrida kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini tajriba tariqasida professional boshqaruv kompaniyalariga o‘tkazish loyihasi haqida ma’lumot berildi. 

Yunusobod tumanida 1 ming 212 ta ko‘p qavatli uy bor. Rejaga ko‘ra, ushbu uylarga xizmat ko‘rsatish professional boshqaruv kompaniyalariga beriladi. Buning natijasida tizimdagi moliyaviy holatni sog‘lomlashtirish, muammoli kreditlarni hal etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga erishish ko‘zda tutilgan. Shunday bo‘lgach, aholi murojaatlari bilan ishlash ham yaxshilanadi, tunu kun ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yiladi. 

Prezidentimiz ko‘p qavatli uylarning holati, odamlarning roziligi bu tizimga bog‘liq ekanini ta’kidlab, ushbu tajribani shaharning boshqa tumanlarida ham tatbiq etish, sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Toshkent shahrida zamonaviy uylar, mehmonxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda boshqa inshootlar barpo etish, issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish, kommunal xizmatlar boshqaruv markazini tashkil etish loyihalari yuzasidan ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring