Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarini qabul qildi

Prezident BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni Markaziy Osiyo mintaqasida va umuman Osiyoda ilk tashrifi bilan bo‘lgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turkni qabul qildi.

Inson manfaatlarini ilgari surish va huquqlarini himoya qilish masalalarida O‘zbekiston bilan BMT tuzilmalari o‘rtasidagi konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda BMT bilan ushbu sohadagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etib, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq hamohang bo‘lgan O‘zbekistondagi islohotlar strategiyasining bosh ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.

BMT Oliy komissari O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni ilgari surish, sud idoralarining mustaqilligini va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi.

Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasining 75 yilligida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi qabul qilingani, mamlakatimiz BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokidagi preventiv mexanizm yaratilgani, shuningdek, mojarolar hududlaridan xotin-qizlar va bolalar o‘z yurtiga qaytarilgani, ular qayta ijtimoiy integratsiyalashuvi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga 2021-2023-yillar davriga saylangani hamda mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida yoshlar huquqlariga oid Kengashning qator rezolyusiyalari qabul qilingani inson huquqlarini ta’minlash borasidagi yutuqlarning keng e’tirofi bo‘ldi.

Oliy komissir BMT tuzilmalarining O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyati qat’iy ekanini tasdiqladi. Inson huquqlarini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va penitensiar muassasalar xodimlarini o‘qitish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida konstruktiv muloqotni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring