«Paynet»ning xususiy sektorga sotib yuborilgani ma’lum bo‘ldi
«UZPAYNET» MChJdagi 100 foizlik davlat ulushi «New Industrial Technologies» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sotilgan. Bu haqda Bankers.uz nashri Statistika agentligining korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, 2019-yil ochilgan «New Industrial Technologies» MChJning ustav fondi 273 mlrd 560 mln so‘mni tashkil qiladi. Kompaniya ta’sischilari sifatida ikkita jismoniy shaxs - Aleks Li (60 foiz) va Mustafa Abdraxmanov (40 foiz) hisoblanadi. Mustafa Abdraxmanov, o‘z navbatida, «Aziya Alyans bank»ning asosiy aksiyadori «Asia Alliance Group» MChJning ham 77,6 foiz ulushiga egalik qiladi.
«UZPAYNET» MChJ «Paynet» to‘lov tizimining operatori hisoblanib, ushbu tizimga 2005 yilda fintex-tadbirkor Botir Arifjanov va uning sheriklari tomonidan asos solingan. Keyinchalik, brend egasi hisoblangan «UZPAYNET» MChJ davlat tasarrufiga o‘tgan, tadbirkor esa kompaniyadan ketgandi.
«UZPAYNET» 2014-yildan buyon to‘liq AT «Xalq banki» muassisligida faoliyat yuritib kelgan.
Keyinchalik esa «UZPAYNET» MChJ Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan. 2022 yilda agentlik tomonidan kompaniyaning xususiylashtirilishi bo‘yicha konsalting kompaniyasi jalb qilinishi to‘g‘risida, biroz muddat o‘tib esa xususiylashtirish jarayoni boshlangani haqida va yana bir necha axborotlar berib borilgan. Ammo oradan qariyb ikki yil vaqt o‘tganiga qaramasdan «UZPAYNET» MChJning sotilishi yuzasidan boshqa ma’lumotlar berilmagan.
«Davaktiv «UZPAYNET» MChJning sotish jarayonlari haqida o‘zining rasmiy sayti yoki ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon yoki ma’lumot joylashtirmagan. Ushbu masala yuzasidan Bankers.uz nashri agentlik matbuot xizmati bilan bog‘landi, biroq javob ololmadi», – deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter