Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi temir yo‘llarga xizmat ko‘rsatish huquqi yo‘qolmagan – «O‘zbekiston temir yo‘llari»

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi temir yo‘llarga xizmat ko‘rsatish huquqi yo‘qolmagan – «O‘zbekiston temir yo‘llari»

«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning Afg‘oniston temir yo‘l tizimini boshqarish huquqidan mosuvo bo‘lganiga oid tarqalgan xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 5-6-dekabr kunlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi vakillari o‘rtasida 2023-yilga mo‘ljallangan «Hayraton – Mozori-Sharif» temir yo‘l uchastkasidan foydalanish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

Muzokaralar yakunida Afg‘oniston hududidagi temir yo‘llarga xizmat ko‘rsatish (ekspluatatsiya)da ishtirok etish uchun afg‘onistonlik mahalliy texnik xodimlarni bosqichma-bosqich jalb qilish bo‘yicha amaldagi shartnomani uzaytirish va yo‘l xaritasini tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

«Shu bilan birga, shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida Afg‘onistondagi «Hayraton – Mozori-Sharif» temir yo‘l uchastkasining ekspluatatsiyasi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilmoqda», – deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning aprel oyida ham Afg‘onistondagi temir yo‘l uchastkasiga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qator OAVlar tomonidan asossiz ma’lumotlar tarqatish holatlari kuzatilgan va holat yuzasidan Afg‘oniston temir yo‘llari rahbari Baxturrahmon Sharafat munosabat bildirib, o‘sha ma’lumotlarni ham rad etgan edi. Jumladan, Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda janob B.Sharafat bunday bayonotlar bo‘lmaganligini ma’lum qilgan va O‘zbekistonning «Sogdiana Trans» ShK bilan muvaffaqiyatli hamkorlik to‘g‘risida ingliz tilida tegishli intervyu ham bergan.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda yangi yildan boshlab Tolibon hukumati temir yo‘l tizimiga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tomon – O‘zbekistonning «Sogdiana Trans» ShK xizmatlari qimmatligi sabab Qozog‘istonning Mansour Fatih kompaniyasi bilan shartnoma qilgani va mazkur kompaniya Afg‘onistonning 106 kilometrlik butun temir yo‘l tizimini boshqarishi haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring