O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik ish haqi qanchaligi aytildi
2022-yil yanvar-sentyabr oylarida Respublikadagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3 mln 721,8 ming so‘mni tashkil etib, (2021 yil mos davrida 2 mln 978,9 ming so‘m bo‘lgan) 2021-yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 124,9 foizga yetgan.
Qayd etilishicha, Davlat statistika qo‘mitasi o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda jami 3 013 874 nafar xodim ma’lumotlaridan foydalangan.
Shuningdek, hisobot davridagi o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichini shakllantirishda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik subektlari hisobga olinmagan, chunki fermer xo‘jaliklari hamda kichik tadbirkorlik subektlari yilda bir marta hisobot taqdim etishi belgilangan.
2022-yil yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi – bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelib, 9 mln 734,1 ming so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, axborot va aloqa sohasi 6 mln 976,8 ming so‘mni, tashish va saqlash sohasi 4 mln 854,8 ming so‘mni va sanoat sohasi 4 mln 706,0 ming so‘mni tashkil etib, o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qildi.
Ta’lim (2 596,8 ming so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (2 510,3 ming so‘m) sohalari esa boshqa sohalarga nisbatan eng quyi pog‘onalarda ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, ta’lim sohasining asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’lim (5 mln 766,9 ming so‘m)da bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich maktabgacha ta’lim (1 mln 499,3 ming so‘m)da kuzatildi.
Hududlar kesimida esa ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (3 mln 966,1 ming so‘m), Toshkent (2 mln 610,8 ming so‘m) hamda Andijon viloyatlarida (2 mln 605,0 ming so‘m) kuzatildi. Yuqori o‘sish sur’ati Toshkent shahrida (120,9 foiz), Andijon (118,5 foiz), Xorazm (118,2 foiz) hamda Navoiy viloyatlarida (117,5 foiz) qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasining faoliyat turi bo‘yicha esa o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (2 mln 952,5 ming so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (2 mln 729,0 ming so‘m) hamda Andijon viloyatida (2 mln 636,2 ming so‘m) kuzatildi. Yuqori o‘sish sur’ati Navoiy (130,3 foiz), Jizzax (126,9 foiz) hamda Qashqadaryo (125,8 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter