O‘zbekistonda qayd etilgan o‘limlar soni va sabablari haqida ma’lumot berildi
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida respublika bo‘yicha vafot etganlar soni 129,7 ming kishini tashkil etdi (71,4 ming erkak va 58,3 ming ayol). Hududlar kesimida esa vafot etganlarning 69,6 mingi shaharga, 60,1 ming nafari esa qishloqlarga to‘g‘ri kelgan.
Statistika agentligi hisobot davrida o‘limga yoki uning sodir bo‘lishiga ta’sir etgan kasalliklar, patologik holatlar va jarohatlar, shuningdek, o‘lim bilan yakun topgan jarohatga sabab bo‘lgan baxtsiz hodisa va zo‘ravonlik holatlari haqida ham ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida qayd etilgan o‘lim holatining 58,9 foizi – qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 10,7 foizi – o‘simtalardan, 6,6 foizi – nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 4,7 foizi – baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 3,6 foizi – ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 1,4 foizi – yuqumli va parazitar kasalliklardan, 14,1 foizi boshqa kasalliklardan vafot etganlar.
O‘lim holatlarining yosh guruhlari bo‘yicha kesimida esa vafot etganlarning:
- 12,1 foizini mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar;
- 23,9 foizini mehnatga layoqatli yoshdagilar;
- 64 foizini mehnatga layoqatli yoshdan kattalar tashkil etgan.
Hududlar bo‘yicha vafot etish koyeffitsiyenti eng yuqori Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Sirdaryo viloyatida 5,3 promille, Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida 5,0 promille, eng kam ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 4,2 promille, Buxoro viloyatida 4,3 promilleni tashkil etgan.
O‘limlarning o‘sish sur’ati eng yuqori darajasi esa, hisobot darvida, Sirdaryo viloyatida 112,9 foizga, Qoraqalpog‘istonda 109,9 foizga, Navoiy viloyatida 103,1 foizga, Namangan viloyatida 102 foizga va Andijon viloyatida 101,8 foizga teng bo‘lgan.
O‘limlarning o‘sish sur’ati Toshkent shahrida 88,2 foizni, Buxoro viloyatida 92,9 foizni, Xorazm viloyatida 94,4 foizni, Farg‘ona viloyatida 96,5 foizni va Qashqadaryo viloyatida 97 foizni tashkil etib, sezilarli kamaygan.
Ma’lumot uchun, 2023-yil yanvar-sentyabr oylarida tirik tug‘ilganlar soni 716,9 ming kishini tashkil etib, shundan o‘g‘il bolalar soni 371,6 ming kishini, qiz bolalar soni 345,3 ming kishi, tirik tug‘ilganlar soni shahar joylarida 359 ming kishini, qishloq joylarida 357,9 ming kishini tashkil etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter