O‘zbekistonda Daniyaning Faxriy konsulxonasi ochiladi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov kecha, 22-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Daniya tashqi ishlar vaziri Yeppe Sebastyan Kofod bilan muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston TIV bergan ma’lumotga ko‘ra, tomonlar siyosiy muloqotni kuchaytirish uchun o‘zaro tashriflar va amaliy tadbirlarni tashkil etish muhimligini ta’kidlaganlar. Shuningdek, O‘zbekiston va Daniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida protokol imzolash taklif qilingan.
Tadbirda Vladimir Norov O‘zbekiston tomoni Daniya hukumatining O‘zbekistonda Faxriy konsulxona ochish to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qabul qilishini bildirib, Toshkent va Kopengagen BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi ma’lum qilgan.
Savdo va investitsiya aloqalari uchun qulay shart- sharoitlar yaratish maqsadida tomonlar manfaatdor idoralarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish masalalarini o‘rganishga kelishib oldi.
Daniyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlarida o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar uchun treninglar va amaliyotlarni tashkil etish ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga yordam berishi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter