Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish yana kechiktirildi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish yana kechiktirildi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlari uchinchi marta ham kechiktirilyapti.

Statistika agentligi bergan tushuntirishga ko‘ra, bu tadbirni tashkillashtirishga ajratilgan moliyaviy ajratmalar hamda aholini ro‘yxatga olish ishlarini planshetlar yordamida elektron amalga oshirish haqidagi qaror bilan bog‘liq.

Agentlik 2021-yil 1-25-noyabr kunlari Andijon, Toshkent va Xorazm viloyatlarining tanlanma hududlari hamda Toshkent shahri tumanlaridan birida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri uch xil usulda –  internet tarmog‘i orqali, planshet va qog‘oz usullarida ro‘yxatga olish jarayonlari sinovdan o‘tkazilganini va bunda planshet usuli qulay va iqtisodiy jihatdan samarali ekani sabab shu usul tanlanayotganini bildiradi.

«Shu bilan birga, ushbu tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar o‘rganib chiqilayotganligini inobatga olib, yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng Agentlik tomonidan qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilamiz», – deyiladi Agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, dastlab 2017-yildagi xabarlarda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2020 yilga rejalashtirilayotgani aytilgan edi.

2019-yil 5-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan esa bu tadbirlar 2022-yilga qoldirilgan. 

Biroq 2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi sababli ushbu tadbirning o‘tkazilishi 2023-yilning 1-25-noyabr kunlariga qoldirilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897-yilda Turkiston general-gubernatorligi tomonidan o‘tkazilgan. Bu boradagi ma’lumotlar XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar (va aholi) soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989-yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring