O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilning iyulidan boshlanishi mumkin
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilning 15-iyulidan 21-avgustiga qadar o‘tkazilishi mumkin.
Bu borada e’lon qilingan Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika hamda hududiy komissiyalar tarkibi tasdiqlanadi hamda ularning asosiy vazifalari belgilab beriladi.
Shuningdek, Statistika agentligi aholini ro‘yxatga olishni planshet qurilmalari yordamida o‘tkazish uchun 2024–2026 yillarda zarur texnik va dasturiy vositalarni Jahon bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda xarid qilish ishlarini tashkil etadi. Shu bilan birga, aholini ro‘yxatga olishda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun hamda shu sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishini va respondentlardan olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlaydi.
Ushbu tadbir sabab respublika bo‘ylab ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini o‘zgartirish, toponomik ob’yektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish tavsiya etiladi.
Aholini ro‘yxatga olish natijasida mamlakat aholisining aniq soni, yosh tarkibi (yoshlar, o‘rta yoshlilar, yuz yoshdan oshganlar soni va h.k.), jinsi (ayol va erkaklarning millati, yoshi, ma’lumoti, turmush darajasi, bandligi va h.k.), nikoh holati (rasmiy va norasmiy nikohda bo‘lganlar, beva, tul va ajrashganlar soni), migratsiya holati (mamlakat ichida va mamlakt tashqarisiga ko‘chib yurishlar va sabablari) to‘g‘risida respublika, viloyatlar, tuman va shaharlar kesimidagi batafsil ma’lumotlar shakllantiriladi.
Shuningdek:
-
aholining migratsiya ko‘rsatkichlari, bunda aholining ichki va tashqi migratsiya ko‘rsatkichlari shakllantirilib, aholining qaysi davlatlarga ko‘proq ko‘chib borishi yoki ko‘chib kelishi, mamlakat ichidagi ko‘chib kelish va ko‘chib ketishlar soni, ko‘chib borish yoki ko‘chib kelish sabablari to‘g‘risidagi ma’lumotlar respublika, viloyatlar, tuman va shaharlar kesimida tayyorlanadi;
-
aholining milliy tarkibiga taalluqli ko‘rsatkichlar, bunda aholining fuqaroligi (O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqa davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs), millati, ona tili va boshqa qaysi tillarda suhbatlasha olishi kabi ko‘rsatkichlar respublika va hududlar kesimida shakllantiriladi;
-
aholining ta’lim darajasi ko‘rsatkichlari, bunda aholining ta’lim darajasi, ya’ni aholimizning necha foizi o‘qishni yoki yozishni bilishi, 3-6 yosh oralig‘idagi bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga borishi, boshlang‘ich, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim (bakalavr yoki magistr) darajasiga egaligi yoki ta’limga ega emasligi, ilmiy darajasining (PhD, fan nomzodi, fan doktori, DS) mavjudligi, hozirgi vaqtda ta’lim olishi kabi ma’lumotlar shakllantiriladi;
-
aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatiga tegishli ko‘rsatkichlar, bunda aholining yashash uchun daromad manbai (ish haqi, tadbirkorlik daromadi, pensiya, tushum, stipendiya, mulkdan olingan daromadlar va boshqalar), bir oylik daromad miqdori, uy xo‘jaligi tasarrufida uzoq muddatli foydalaniladigan mulk va buyumlarning (avtomobil, muzlatgich, televizor, changyutgich, kir yuvish mashinasi va h.k.) mavjudligi kabi ma’lumotlar shakllantiriladi;
-
aholi bandligi ko‘rsatkichlari, bunda aholining asosiy mehnat faoliyati, kim bo‘lib ishlashi, ish joyining joylashgan joyi, mehnat resurslarining bandligi va ishsizlik darajasi, davlat yoki xususiy sektor korxonalarida band bo‘lgan aholi soni to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar respublika va hududlar kesimida shakllantiriladi;
-
onalar va bolalar salomatligi ko‘rsatkichlari, bunda ko‘p bolali ayollar, tug‘ish yoshidagi ayollar va erta nikoh qurgan ayollar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shahar va qishloq, hududlar kesimida shakllantiriladi;
-
uy-joy xususiyatlariga tegishli ko‘rsatkichlar, bunda uy joylarning qanchasi davlat mulki, qanchasi shaxsiy mulkka tegishli ekanligi, aholimizning necha foizi ijarada yashayotganligi, aholimizning qanchasi hovlida, ko‘p qavatli uy-joylarda, dala hovlida yoki yotoqxonalarda yashayotganligi haqida respublika va hududlar kesimida ma’lumotlar shakllantiriladi;
-
aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha kelgusi 10-30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun ishonchli poydevor yaratiladi.
Qolaversa, aholini ro‘yxatga olish natijalari milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlarini shakllantirishda, xalqaro reytinglar va indekslarni, jumladan, Statistika salohiyati indeksi (Statistical Capacity Indicators), Inson barkamolligi indeksi (Numan development index), Iqtisodiy erkinlik indeksi (Index of economic freedom) va boshqa shu kabi indekslarni hisoblashda muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter