O‘zbekiston tashqi savdosida dollar va yevroning ulushi kamaygan
O‘zbekiston tashqi savdosida dollar va yevroning ulushi 2019-yilga qaraganda biroz kamaygan. Bu haqda Strategik islohotlar markazi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mamlakat eksportida dollar va yevroning ulushi 2019-yildagi 99,1 foizdan, 2023-yilda 93,2 foizgacha, importida esa 95 foizdan (dollar 83 foiz, yevro 12 foiz) 89,4 foizgacha kamaygan (dollar 79,5 foiz, yevro 9,9 foiz).
Bunda, rublning ulushi eksportda so‘nggi 5 yilda 0,8 foizdan 5,3 foizga yetgan bo‘lsa, importda 4,2 foizdan 7,6 foizgacha yetgan.
Shuningdek, tashqi savdoda so‘m ham oz bo‘lsa-da qo‘llanilib, 2019-yilda 8,7 mln dollarlik import tovarlar (ulushi 0,0 foiz), eksportda 2,4 mln dollarlik tovarlar so‘mda savdo qilingan bo‘lsa, 2023-yilga kelib so‘mdagi import 87 mln dollarga (ulushi 0,3 foiz), eksportda esa 21,2 mln dollarga yetgan (ulushi 0,2 foizi).
Agentlikka ko‘ra, 2019-yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qo‘shnilarimizning birontasi xalqaro savdoda milliy valyutasidan foydalanmagan. Xususan, Qozog‘iston eksportining 87 foizi va importining 55 foizini dollarda, Qirg‘iziston eksportining 67 foizi va importining 78 foizini dollarda amalga oshirgan. O‘zbekiston esa eksportining 96 foizi va importining 81 foizini dollarda amalga oshirgan.
«Mamlakatimiz tomonidan xalqaro savdoda so‘mdan foydalanish imkoniyati cheklangan. Ba’zi qo‘shni davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali tashqi savdoning bir qismini milliy valyutaga o‘tkazish mumkin. Lekin tashqi savdoning asosiy qismini milliy valyutaga o‘tkazishga urinish birinchidan imkonsiz (infratuzilma yo‘qligi sababli), ikkinchidan judayam qimmatga tushadi», – deyiladi Agentlik sharhida.
Ta’kidlanishicha, 2023-yilda tashqi savdo defitsiti 17,4 mlrd dollarni tashkil etgan, ya’ni sof holatda O‘zbekistonning chet el valyutasiga ehtiyoji mavjud. Agar tashqi savdoda profitsit shakllanganda boshqa davlatlarda milliy valyutaga talab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, butun dunyo tovar savdosining qariyb 80 foizi dollarda amalga oshiriladi. Xususan, tovar eksportidagi dollar ulushi Amerika qit’asida 96 foiz, Osiyo–tinch okeanida 74 foiz, Yevropada 23 foiz (mazkur holat mintaqada valyuta ittifoqining mavjudligi bilan izohlanadi), dunyoning boshqa davlatlarida 79,4 foizni tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter