O‘zbekiston sporti uchun ajratilgan mablag‘larning 27 mlrd so‘mi «tuya» qilingan
Bosh prokuratura 2019-2021-yillarda O‘zbekiston sportiga ajratilgan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi o‘rganilganini va o‘rganish jarayonida ko‘plab talon-torojliklar aniqlanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 3 yil davomida 464 ta sport muassasalarida jami 27 mlrd. so‘m zarar aniqlanib, uning 10 mlrd. so‘mi undirilgan.
Soha rivoji uchun ajratib kelingan budjet mablag‘lari turli yo‘llar bilan talon-toroj qilingan.
Jumladan, hududiy sport muassasalari tomonidan 20 ta holatda 8 mlrd. so‘mlik mablag‘lar ish haqi va boshqa to‘lovlar sifatida o‘zlashtirib olingan.
Misol uchun, Farg‘ona olimpiya zaxiralari kolleji bosh hisobchisi jami 4,3 mlrd. so‘m mablag‘ni o‘ziga ish haqi sifatida olib, talon-toroj qilgan.
Sport muassasalarini qurish-ta’mirlash ishlarida esa 25 ta holatda 10 mlrd. so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Shuningdek, sport-ta’lim muassasalarini joriy ta’mirlash uchun o‘tkazilgan tanlovlarda 72 ta korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yilgan.
Masalan, Buxoro olimpiya zaxiralari kollejini joriy ta’mirlash uchun tanlovda ta’sischisi B.Q. bo‘lgan 4 ta korxona qatnashib, ularning bittasi g‘olib deb topilgan.
Sport jihozlari 8 ta holatda 4,2 mlrd. so‘mga qimmat narxlarda sotib olinib, mablag‘lari talon-toroj qilingan.
O‘tkazilmagan o‘quv mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazilganligi haqida 10 ta holatda hujjatlar soxtalashtirilib, 4,3 mlrd. so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1 150 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, 431 nafar shaxsning buzilgan huquqi tiklandi hamda 66 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter