O‘zbekiston Saudiyaning Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan ikki kunlik davlat tashrifi davomida ikki davlat olimlari hamkorligida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, olimlarni stajirovkalarga yuborish va o‘zaro tajriba almashish masalalari bo‘yicha ham kelishib olingan. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, universitet delegatsiyasi Toshkentda oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan InnoWeek-2022 innovatsion g‘oyalar haftaligiga tashrif buyuradi va Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikda yangi markaz tashkil etiladi.
Jahon universitetlaridagi ta’lim sifatlari tahlili bilan shug‘ullanuvchi World University Rangkings tashkiloti xulosasiga ko‘ra, bu yil Arab va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari o‘tgan yilga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etdi. Xususan, Saudiya Arabistonining Qirol Abdulaziz nomidagi universiteti Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalari ichida ushbu reytingda liderlik qilayotgan Quddus universitetiga yaqinlashib oldi hamda mintaqada ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Ma’lumot uchun, Qirol Abdulaziz universiteti 1967-yilda Jidda shahrida Red Sea developerlik kompaniyasi tomonidan xususiy universitet sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik, 1974-yilda u davlat universitetiga aylantirildi. 2021-yilda Times Higher Education dunyo universtitetlari reytingida arab universitetlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Universitet dunyoviy ta’limga yo‘naltirilgan. Muhandislik, iqtisod va menejment, huquq, tibbiyot va boshqa fakultetlar mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter