«O‘zavtosanoat» Sirdaryoda portlagan avtobus voqeasi bo‘yicha munosabat bildirdi
Joriy yilning 18-avgust kuni Sirdaryo viloyatida avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida «Isuzu» rusumli avtobusning gaz balonlaridan biri portlagan va natijada 6 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
«O‘zavtosanoat» AJ ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida o‘sha vaqtning o‘zida tizimdagi Komplayens xizmati xodimlari hamda «Samarqand avtomobil zavodi» MChJ QK mas’ul xodimlari bilan voqea joyiga borib o‘rganilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur avtobus dizel yoqilg‘isida harakatlanishga moslashgan holda 2012-yilda «Samarqand avtomobil zavodi» MChJ QKda ishlab chiqarilib, MChJning Xorazm viloyatidagi rasmiy dileri orqali sotilgan.
Keyinchalik, avtobusni sotib olgan korxona tomonidan 2014-yilda 60 litr sig‘imli, 6 dona gaz balonlar avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan holda, avtobusning ust qismiga o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, ushbu avtobus bir yillik kafolat davrida kafolat talablari bo‘yicha belgilangan davriy ko‘rikdan o‘tkazish masalasida rasmiy dilerga murojaat qilmagan.
Ta’kidlanishicha, kafolatli xizmat ko‘rsatish sohasi siyosatiga ko‘ra, avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan hollarda, berilgan kafolat doirasidan o‘z-o‘zidan chiqib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu holat hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter