Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tgan bir yarim yilda ovqatdan zaharlanish sabab 4 kishi vafot etgan

O‘tgan bir yarim yilda ovqatdan zaharlanish sabab 4 kishi vafot etgan

2022-yil va joriy yilning o‘tgan davrida ovqatdan zaharlanishdan 4 kishi vafot etgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ularning o‘limiga uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsuloti iste’moli sabab bo‘lgan.

Qo‘mita, shuningdek, hisobot davrida qayd etilgan oziq-ovqat mahsuloti iste’moli bilan bog‘liq zaharlanishlarga doir raqamlarni ham e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 2022-yilning 12 oyi davomida 65 holatda ovqatdan zaharlanish qayd etilib, 518 nafar fuqarolar jabrlangan, shulardan 194 nafari bolalar bo‘lgan. Jabrlanganlarning 2 nafari vafot etgan.

2023-yilning o‘tgan davrida esa 21 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etilib, 107 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 22 nafar bola jabrlangan. 2 nafar bemor esa uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotini iste’moli sababli vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holatlarning aksariyati uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida «botulizm» va «Ovqat toksikinfeksiyasi» kabi tashxislar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Epidemiologik surishtirishlarda yuqoridagi holatlarning 11 tasi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 8 tasi MTT muassasalari bilan, shuningdek, to‘yxonalar va bir zumda tayyorlanadigan ovqatlanish tarmoqlari bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Masalan, bir holatda 4 nafar fuqaro yovvoyi holda o‘sgan qo‘ziqorinlarni iste’mol qilish oqibatida zaharlanganligi qayd etilgan.

Sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlar savdosiga qarshi kurashishi doirasida 2022-yilda jami 5200 tonna, 2023-yilning o‘tgan 4 oyi davomida esa 147 tonna sifatsiz mahsulotlar savdosiga barham berilib, o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring