Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar ombudsmani Qashqadaryoda o‘quvchi qizlar unashtirilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rgandi

Bolalar ombudsmani Qashqadaryoda o‘quvchi qizlar unashtirilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rgandi

️Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova erta nikohlar va maktab yoshidagi qizlarga nisbatan unashtiruv marosimlari o‘tkazilishi kabi holatlar yuzasidan Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala, Kasbi va Koson tumanlarida o‘rganishlar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Bolalar ombudsmani shu kunlarda internetda e’lon qilinayotgan, voyaga yetmagan qizlarning turmushga berilayotgani haqidagi xabarlarni ham o‘rgangan. Xususan, 23 dekabr kuni Koson tumani hokimiyati va mutasaddilar tumandagi bir oila 18 yoshga to‘lmagan qizining to‘yini belgilaganini aniqlagan. Shundan so‘ng to‘y va unga bog‘liq barcha marosimlar to‘xtatilgan.

«FHDYo tomonidan qayd etilgan nikoh guvohnomasi bo‘lmay, shar’iy nikoh o‘qigan diniy vakil javobgarlikka tortilishi choralari ko‘rildi. Bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom etadi», deyiladi xabarda.

️Ta’kidlanishicha, Kosonda yana 2 ta holatda nikoh qoidalari buzilgan holda to‘y o‘tkazilayotgani aniqlangan.

Shuningdek, tarmoqlarda Ko‘kdala tumanida 7-sinf o‘quvchisi unashtirilayotgani aytilgan video tarqalgandi. Qizning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosim ekani to‘g‘risida tushuntirish bergan.

Bolalar ombudsmani shu va shunga o‘xshash yana 2 ta holat bo‘yicha Ko‘kdala tumanida o‘rganish o‘tkazgan. Qizlarning o‘zlari va ota-onalari bu unashtirish marosimi bo‘lmagani va hech qanday to‘yga tayyorgarlik emasligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Oila kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

Jinoyat kodeksining 125−1-moddasida nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Buning uchun BHMning 20 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanish mumkin. Ammo qonun hujjatlarida voyaga yetmagan shaxsning unashtiruviga oid hech qanday javobgarlik belgilanmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring