O‘qituvchilarga 56 kun ta’til berilib, 48 kunga ta’til puli to‘lanyapti. Bu borada qonunchilik nima deydi?
Pedagog xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili uchun haq to‘lashda yakshanba inobatga olinmasligi to‘g‘rimi?
Mehnat kodeksi (keyingi o‘rinlarda - MK) 501-moddasi 6-qismiga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga 36 soatdan ortiq bo‘lmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tilining davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
«O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun yangi tahrirda 2022-yil 28-oktyabrda qabul qilindi va 2023-yil 30-aprelda kuchga kirdi. 6 oylik ya’ni yarim yillik muddat ichida ham MK 501-moddasida nazarda tutilgan hujjat qabul qilinmadi.
Uzoq kuttirishlardan so‘ng va nihoyat (hujjat uchun mas’ullar bunga biror izoh berishmadi, berishmasa ham kerak), 2023-yil 26-iyunda Vazirlar Mahkamasining 263-son «Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlarini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Lekin afsuski...
Qarorga ilova «Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi» me’yorlariga ko‘ra, ushbu me’yorlarda keltirilgan xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili uchun haq to‘lashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi deyilgan.
Sodda qilib aytganda,pedagoglarga 56 kalendar kun ta’til berilib, shundan 48 ish kuniga haq to‘lanadi degani.
Agar bundan mantiqiy xulosa qilinsa, nafaqat pedagoglar, balki barcha toifa xodimlarga ham ta’til puli ish kunlari uchun to‘lanishi lozim bo‘ladi. Misol, xodim 21 kalendar kun ta’tilga chiqsa, 18 ish kuniga haq to‘lanadi.
Lekin bu Mehnat kodeksi talablariga zid deb hisoblaymiz.Chunki xodimga kalendar kunlik mehnat ta’tili berilganda, ta’til pullarini hisoblashda ta’til kunlari ichidagi yakshanba kunlariga ham ta’til puli to‘lanishi lozim deb hisoblaymiz. MKning 216-moddasi 1-qismiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir.
MK 233-modda 1-qismiga ko‘ra esa, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.
E’tibor qiling, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun deyilmoqda ya’ni ta’tilning butun davri (yakshanba kunlari ham) nazarda tutilmoqda.
Bu masala bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2023-yil 20-maydagi 01/00-04/15-3879 sonli xatida ham yakshanba kuniga haq to‘lash tavsiya qilinishi belgilangan edi (xat quyida ilova qilindi).
MK 216-moddaning 1-qismi va 233-moddaning 1-qismidagi mantiq shuki, xodim o‘ziga berilgan har bir ta’til kunidan o‘z mehnat qobiliyatini tiklash uchun foydalanadi. Shuning uchun ham, ta’til pullari xodimga beriladigan har bir ta’til kuni uchun hisoblanadi va to‘lanadi.
Bundan tashqari, garchi loyiha bo‘lsada, «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Hukumat qaroriga e’tibor qaratamiz.
Loyihaga 9-ilovaning 8-bandida xodimga har yilgi mehnat ta’tili uchun haq to‘lash va foydalanmagan ta’til uchun pullik kompensatsiya to‘lash uchun (shu jumladan, ish vaqti jamlab hisobga olinganda) o‘rtacha ish haqi Mehnat kodeksining 257-moddasi o‘ninchi qismiga muvofiq hisoblangan o‘rtacha kunlik ish haqini ta’til kunlari (shu jumladan, foydalanmagan ta’til kunlari) soniga ko‘paytirish orqali belgilanadi.
E’tibor bering, Qaror loyihasiga ilovada ham ta’til kunlari soniga ko‘paytirish orqali belgilanadi, deyilmoqda.
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 18-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi. Mehnat kodeksi esa Vazirlar Mahkamasi qaroridan yuqoriroq yuridik kuchga ega.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ta’tilning butun davriga ya’ni yakshanba kuniga ham haq to‘lanishi lozim deb hisoblaymiz.
Biz ochiq muloqot va bahs-munozaralarga tayyormiz. Xolislik nuqtai nazaridan, yakshanba uchun haq to‘lanmasligini asoslamoqchi bo‘lganlarning fikrini ham ushbu havolalarda (1,2) keltiramiz.
Muhammadamin Karimjonov
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter