Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«I operatsiyasi yoxud Shurikning sarguzashtlari» yangicha «ko‘rinishda»

«I operatsiyasi yoxud Shurikning sarguzashtlari» yangicha «ko‘rinishda»

Hammamiz sevib tomosha qiladigan «I operatsiyasi yoxud Shurikning sarguzashtlari» filmidagi imtihonga quloq og‘rig‘i bahonasida shpargalka olib kirgan sahnasini qiziqish bilan ko‘ramiz. Filmda sergak professor talabaning olamshumul ixtirosi uchun «besh» baho qo‘ygani ham, keyin uni imtihondan chiqarib yuborgani ham kishida kayfiyat uyg‘otadi. Biroq, ushbu kadrlar ortida «ixtirochi» talabaning «chuv» tushgani aks etgan.

Buxorodagi Avtoo‘quv maktablaridan birining tinglovchilari ham shu sahnani yangicha «ko‘rinishda» ijro etishga urinishgan. Bunda bir nechta tinglovchilar haydovchilik guvohnomasini olish uchun davlat imtihonlaridan o‘tishda puxta «tayyorgarlik» ko‘rib, turli ixtirolar «yaratishgan». Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB JXX YHXV katta inspektori Ulug‘bek Shukurlayev ma’lum qildi.

Ma’lumki, haydovchilik guvohnomasi bu – shaxsga avtomashinani boshqarish huquqini beradi. Bu hujjatni olish uchun bo‘ladigan imtihonlarga  kimnidir «ko‘rish», kimgadir pul qistirish orqali o‘tib olishga urinishlarga chek qo‘yilgan. Biroq, ayrim fuqarolarning o‘qimay turib, imtihon topshirishning turli g‘ayrioddiy usullarini o‘ylab topishgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi inspektorlari tomonidan Avtoo‘rgatuvchi maktablardan birida haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon o‘tkazilgan. Imtihon jarayonlarida antiqa usullari bilan qatnashmoqchi bo‘lgan bir nechta tinglovchilar ushlangan.

Holatga ko‘ra, to‘rt devorida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan imtihon xonasida bir nechta kuzatuvchilar bo‘lishiga qaramay, Buxoro shahrilik fuqaro Sh.X. o‘zi «yaratgan» qo‘lbola ixtiro – qo‘l telefoniga ulangan quloqchin orqali savollarga javob olib turishga uringan. U sherigi A.S. yordamida savollarga osongina javob olishni o‘ylagan. O‘z o‘rnida, A.S. ham qog‘oz shpargalkadan foydalanish rejasini tuzgan bo‘lgan. Ularning urinishlarini inspektorlar payqab qolishgan.

Boshqa bir holatda esa imtihon topshiruvchi V.E. o‘ziga o‘xshab ketadigan boshqa bir shaxsni topib, uni imtihonga o‘z o‘rniga kiritishga erishgan.  Biroq, oz fursat o‘tmay, soxta tinglovchi ham fosh bo‘lgan. Har uch tinglovchi ham imtihondan chetlatilgan.

«Tizimga innovatsion texnologiyalarning kiritilishi avtomaktablarda o‘qish jarayonlari, xususan, imtihonlarning shaffofligini ta’minlamoqda. Biroq, shunday bo‘lsa-da, o‘qish davomida mashg‘ulotlarga qatnamaslik, xo‘jamko‘rsinga o‘qish, eng muhimi, imtihonlarga turli qing‘ir yo‘llarni qo‘llashga urinishlar hamon kuzatiladi. Haydovchilik guvohnomasini olishdan oldin tinglovchi yo‘l harakati qoidalarini qunt bilan o‘rganishi va davlat imtihonlarida o‘z bilimiga tayangan holda qatnashishi lozim. Avtoo‘rgatuvchi maktab tinglovchilariga o‘z bilimingiz bilan imtihondan o‘tishga harakat qiling. Zero, bu shunchaki imtihon emas, sizning hayot-mamot masalangiz bo‘lishi mumkin, deb qolamiz»,-dedi Ulug‘bek Shukurlayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring