Oilani kam ta’minlangan deb topishning ayrim mezonlari o‘zgaradi

Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etishda bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblash tizimini takomillashtirish maqsadida uy-joyga ega bo‘lmagan shaxslar uchun ijara to‘lovini, shuningdek, ipoteka kreditini to‘layotgan shaxslar uchun tegishli to‘lovlarni oilaning jami daromadi tarkibidan chiqarib tashlash taklif etilmoqda.
Mazkur hujjat loyihasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktyabrdagi 654-son qarori bilan tasdiqlangan Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimchalarni kiritish nazarda tutilmoqda:
- oilani kam ta’minlangan deb topishda oilaning jami daromadidan ijara shartnomasi yoki ipoteka krediti to‘lovlarini chiqarib tashlash;
- ijara shartnomasi to‘lovlarini chiqarib tashlashda ariza beruvchi va uning oila a’zolari mulkida turar-joyi mavjud emasligini, ipoteka krediti to‘lovlarida esa turar-joyning bittadan ortiq emasligini inobatga olish;
- chiqarib tashlanadigan summani shartnomada belgilangan oylik to‘lovlardan kelib chiqib aniqlash.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-martdagi 122-son qarori bilan tasdiqlangan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimidagi idoralararo elektron o‘zaro axborot almashinuvi doirasidagi ma’lumotlar ro‘yxatiga ipoteka krediti to‘lovlari haqidagi ma’lumot Markaziy bank tomonidan, ijara shartnomasi to‘lovlari haqidagi ma’lumot Iqtisodiyot va moliya vaziriligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter