Nukus voqealari ishtirokchisi Polat Shamshetovning o‘limi yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi
Bosh prokuratura Nukus voqealarida aybdor deb topilib, joriy yil 31-yanvar kuni sud hukmi bilan 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etilgan va 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV sobiq xodimi P.Shamshetovning o‘limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shamshetov 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida to‘satdan vafot etgan.
«Hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Mazkur ko‘zdan kechirish jarayonlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, P.Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlarining ham ishtiroki ta’minlandi», – deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.
Shuningdek, o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasi ishchi guruhining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.
Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter