Nihoyat, «tilga kirdi»! – Energetika vazirligi «Gazprom» bilan imzolagan hujjatga tushuntirish berdi
Energetika vazirligi Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi tarqatgan o‘zaro gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolangani haqidagi xabardan roppa-rosa 23 soat o‘tib, «tilga kirdi».
Vazirlik joriy yil 24-yanvar kuni imzolangan hujjat haqida xabar berib, unda Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilinganini aytmoqda.
Qayd etilishicha, imzolangan «Yo‘l xaritasi»ga muvofiq tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi «O‘rta Osiyo – Markaz» gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni va o‘rganishni kelishib olishgan.
Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi.
«Shuni alohida ta’kidash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda «Yo‘l xaritasi»da O‘zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q», – deyiladi vazirlik tushuntirishida oxirgi bir sutka mobaynida mazkur hujjatning ochiqlanmagani ortidan kelib chiqayotgan shubha-gumonlarga javoban.
Shuningdek, vazirlik tomonidan kelgusida ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar «milliy manfaatlarni to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib borilishi» haqida va’da ham berilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter